1 Oktabr 2021 1764

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonovning 1-oktyabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Ichki ishlar organlarida, taʼlim muassasalarida yosh xodimlar, tinglovchi va kursantlarni tarbiyalash, ularga kasb sirlarini oʻrgatishda oʻzining nazariy bilim va hayotiy tajribalarini, kuch-gʻayratini ayamay, fidoyilik koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilar hamda tizimda koʻp yillar xizmat qilgan barcha ustozlarimizni 1-oktyabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan samimiy tabriklayman.

Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan boʻlsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Men Yangi Oʻzbekistonni – obod va farovon, demokratik mamlakatni barpo etishda siz, muhtaram pedagoglarni, professor-oʻqituvchilarni oʻzim uchun eng katta kuch, tayanch va suyanch, deb bilaman", – deb alohida taʼkidlaganlar.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga hamohang tarzda zamonaviy, mobil, mutlaqo yangi ichki ishlar organlari vujudga kelayotganligini alohida taʼkidlash joiz.

Albatta, buning zamirida tizimda ilm-fan, taʼlim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy talablar darajasida bilim berish va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni kamol toptirish, ularni qasamyodiga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga kamarbasta boʻlayotgan Siz – aziz va moʻtabar ustozlarning oʻrni beqiyosdir.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Sizlarni ushbu qutlugʻ kun bilan yana bir bor tabriklab, uzoq umr, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, kelgusi faoliyatlaringizda ulkan zafarlar tilayman.

Vazir

general-leytenant P.R. Bobojonov

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага