31 Dekabr 2021 4223

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R. Bobojonovning kirib kelayotgan Yangi – 2022 yil munosabati bilan soha xodimlari hamda faxriylariga yo‘llagan bayram TABRIGI

Ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, kursant-tinglovchilari, soha faxriylari hamda yurtimiz osoyishtaligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini kirib kelayotgan Yangi – 2022 yil bilan samimiy tabriklayman!

Barchangizga yaxshi maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan 2021 yil davomida ham ichki ishlar organlarida bir qator islohotlar amalga oshirildi.

Ichki ishlar vazirligi tarixida ilk bor Davlatimiz rahbarining shaxsan ishtirokida Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilib, tizim faoliyati keng tahlil qilingan holda, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Bugungi davr – jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchlik-osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar masʼul davlat tuzilmalaridan o‘z faoliyatini “Barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun!” degan ustuvor g‘oya asosida yana-da takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Ushbu jihatlar inobatga olinib, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalariga tayangan holda va bugungi davr talablaridan kelib chiqib, “O‘zbekiston jamoat xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi” qabul qilingani ham soha xodimlari zimmasiga yana-da katta masʼuliyat yuklaydi.

Ichki ishlar organlarida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tizimni aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodim Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni – oliy burchi deb biladigan professional tuzilmaga aylantirmoqda.

Ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigida “Istiqlolimizning ilk davrida tashkil topgan ichki ishlar organlari o‘tgan sinovli yillar davomida mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tib, xalqimizning chinakam tayanchi va himoyachisi sifatida shakllandi”, deya eʼtirof etilgani tizim faoliyatiga berilgan munosib bahodir.

Kelgusi yilda ham yurtimizda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvli, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.

Yangi – 2022 yil barchangizga muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri,

general-leytenant                 P.RBobojonov

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага