8 Sentabr 2022 2777

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi IIV delegatsiyasi MDHga aʼzo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi

2022 yilning 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi IIV delegatsiyasi Cho‘lpon-ota (Qirg‘iziston)da bo‘lib o‘tgan MDHga aʼzo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Kengash majlisida Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirlari hamda MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi direktori ishtirok etdilar.

Uchrashuvda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo dasturlarni amalga oshirishda MDH mamlakatlari Ichki ishlar vazirliklari va politsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor masalalari, shuningdek, 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar Davlatlararo dasturi loyihasini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. MDHga aʼzo davlatlarning milliy qonunchiligiga muvofiq blokirovka qilinishi shart bo‘lgan internet-resurslarning Yagona reyestrini yaratishning maqsadga muvofiqligi, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarini noqonuniy tarqatishga qarshi kurashish, Hamdo‘stlikka aʼzo davlatlar fuqarolari tomonidan jinoiy va boshqa javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida fuqarolikni o‘zgartirish institutidan foydalanishining oldini olishga qaratilgan ishlar va boshqalarga bag‘ishlangan masalalar borasida qator hujjatlar imzolandi.

Kengash aʼzolari Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining ishchan va konstruktiv ruhda, do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitida o‘tgan tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rganligini taʼkidlab, uning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho berishdi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага