17 Noyabr 2022 933

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti YEXHT bosh kotibi bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) bosh kotibi Xelga Shmid bilan muzokara o‘tkazdi.

YXHT bilan ushbu tashkilot faoliyatining uchta – iqtisodiy, siyosiy va gumanitar yo‘nalishlarning barchasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi vaqtda aloqalar faollashgani, ochiq va konstruktiv muloqot rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro hamkorlikka 30 yil to‘lgan joriy yilning o‘zida O‘zbekistonga YXHTning amaldagi raisi Zbignev Rau va YXHTning Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdurahmonov tashrif buyurdi. Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Parlament assambleyasi va YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili bilan samarali hamkorlik olib borilmoqda.

Yoshlar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha hamda 2026-yilgacha qadar davrga mo‘ljallangan Terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashish strategiyasi doirasida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Suhbat davomida YXHT tuzilmalarining ekspert ko‘magi, ayniqsa O‘zbekistonda demokratik islohotlarni davom ettirish va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalarida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Iqtisodiyot va ekologiya yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, kichik biznes va ekologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb muammolari muhokama qilinar ekan, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘on xalqining muhim gumanitar ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага