20 Iyun 2022 532

“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonuni amalda samarali natija bermoqda

Barchaga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik qonunchiligi bu bir tekisda rivojlanayotgan tizim, tizimning bosh harakati esa fuqarolik qonunchiligini mukammallashtirish va soddalashtirishga, samarador huquqiy faoliyatini shakllantirish, fuqarolikka doir shaxsning huquq va erkinliklarini huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Fuqarolik davlat qurilishining ogʻir masalalar turkumiga kiradi. Fuqarolik konstitutsiyaviy maqom elementi hisoblanib uning bor yoki yoʻqligi shaxsning huquq va majburiyatlarini hajmini aniqlaydi.

Davlatda doimiy yashab kelayotgan maʼlum ayrim shaxslarda fuqarolikning yoʻqligi, ijtimoiy muammolar manbasi boʻlishi mumkin. Shuning uchun fuqarolikni qisqartirish va fuqarosizlik holati kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyati xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsipi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida ham fuqarosizlikni qisqartirish prinsipi asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.

Shu bilan bir qatorda, milliy fuqarolik qonunchiligini rivojlanishi va doimiy ravishda takomillashib borishi zarurligi, buning asosi esa mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda roʻy berayotgan islohotlar ekanligini taʼkidlab oʻtish zarur.

“Fuqarolik toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olishning tartiblarini yanada soddalashtirishga qaratilgan.

Tan olish instituti mutlaqo yangi institut boʻlib MDHga aʼzo davlatlarning qonunchiligida nazarda tutilmagan, bir soʻz bilan aytadigan boʻlsak, mamlakatimiz hududida oʻn besh yil davomida muqim istiqomat qilayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olishni, qonuniy asoslarga muvofiq, toʻgʻridan-toʻgʻri fuqarolik olishni huquqiy asoslari yaratildi va aynan shu shartga muvofiq, oʻn besh yil muqim yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish uchun iltimosnoma bilan murojaat qilish zaruriyati qolmadi.

Qonunga kiritilgan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar quyidagi yangiliklarni oʻz ichiga oladi:

- 2005 yil 1 yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan shaxslarini Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish;

- oʻn besh yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaroligi boʻlmagan shaxs maqomida muqim yashab kelayotgan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish;

- ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olingan bolalarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish;

- Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi asosida besh yil yashamasdan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun iltimosnoma bilan murojaat qilish uchun huquqiy asos yaratildi.

Buning natijasida, viloyatimizda doimiy istiqomat qilib kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan 2020 yilda 2.264 nafar, 2021 yilda 2.546 nafar, joriy yilni oʻtgan davrida esa 418 nafar, jami 5.228 nafari Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olindilar.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага