28 Iyun 2022 1477

Paxtachilik va to‘qimachilik rivoji uchun yangi imkoniyatlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-iyun kuni paxta hosildorligini oshirish va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

To‘qimachilik tarmog‘i ham xomashyo, ham eksport, ham aholi bandligida ulkan salohiyatga ega. Faqat ilmga asoslanib samaradorlikni oshirish, jaydari aytganda, “ishning ko‘zini bilish” kerak.

Shuning uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan bu sohada to‘liq klaster tizimi joriy etildi. So‘nggi uch yilda paxta-to‘qimachilik klasterlariga 23 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli mablag‘lar ajratildi. Bundan tashqari, ularning o‘zlari ham qariyb 7 trillion so‘m xususiy investitsiyalar sarflagan.

Ushbu tizim natijasida 350 ga yaqin yirik fabrikalar ishga tushirildi. Ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 5 barobarga oshdi, eksport esa 4 barobarga o‘sib, qariyb 3 milliard dollarga yetdi.

Besh yil avval yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunda 100 foiz o‘zimizda qayta ishlanmoqda.

Hajm bo‘yicha aytganda, jami quvvatlar 1 million 300 ming tonnaga yetdi. Lekin 1 million tonna tola ishlab chiqarilmoqda. Ya’ni, hozirning o‘zida 300 ming tonna tola yetmayapti. Kelgusi besh yilda bu ehtiyoj yana 600 ming tonnaga oshishi kutilmoqda.

Ip-kalavani tayyor mahsulotgacha qayta ishlash darajasi ham past – 23 foiz. Bu yiliga 9 milliard dollar daromad boy berilmoqda, degani.

 Shuningdek, bugungi kunda to‘qimachilik tarmog‘ida 400 ming kishi mehnat qilmoqda. Agar butun tizim ilm va zamonaviy texnologiyalar asosida to‘g‘ri tashkil qilinsa, ish o‘rinlarini 1 millionga yetkazish mumkin.

Shu bois yig‘ilishda ilmga asoslangan urug‘chilik va agrotexnologiyalar hisobiga, paxta hosildorligini oshirish, tolani chuqur qayta ishlab, sohaning eksportini 2 baravarga ko‘paytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ma’lumki, buning uchun, avvalo, barqaror va sifatli xomashyo kerak. Lekin uni yetishtirishning o‘zi bo‘lmayapti. Olimlarimiz yaratgan 100 sentnergacha hosil beradigan paxta navlari joylarga yetkazilmayapti.

So‘nggi yillarda kunduzgi va tungi harorat bir xil bo‘lib qolayotgani, yangi turdagi hasharotlarning ko‘payib borayotgani ushbu sharoitga chidamli navlarni ko‘paytirishni taqozo qilmoqda. G‘o‘zani o‘g‘itlashni o‘zgartirish, gerbitsid va pestitsidlarni ham tartibga solish zarur.

Shuning uchun davlatimiz rahbari Prezident huzurida Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligida Paxtachilik kengashi tashkil etish taklifini bildirdi.

Bu kengash har yili hosildor va ertapishar navlarni hududlar kesimida ko‘paytirish va ekishni har bir klaster bo‘yicha belgilab beradi, iqlim va harorat o‘zgarishlariga mos bo‘lgan o‘g‘itlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qo‘llashni tartibga oladi. Shuningdek, hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha har bir hududga mos agrotexnologiyalarni ishlab chiqadi. Buning uchun mazkur kengash huzurida ilmiy markaz ham tashkil qilinadi.

Prezident har bir klasterda urug‘chilik, tuproq tahlili va biolaboratoriyalar hamda urug‘ tayyorlash sexlari bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Suvni tejash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. So‘nggi ikki yilda yurtimizda 169 ming gektar paxta maydonlarida tomchilab sug‘orish joriy qilingan. Lekin ko‘p klasterlar, ayniqsa, fermerlar buni yo‘lga qo‘yishga qiynalmoqda. Chunki xarajati qimmat.

Agar sohada erkin raqobat bo‘lsa, ilm bilan yondashilsa, tomchilatib sug‘orishni joriy etish xarajatini gektariga 15-20 million so‘mga tushirish mumkinligi aytildi. Shuning uchun elektron portalga hamma ta’minotchilarni kiritib, suv tejovchi texnologiyalar narxi va xizmatlar sifatini baholab boradigan shaffof tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlari kuchaytirilishi, bitta tumanda ko‘pi bilan 2 ta klaster tashkil etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada tadbirkorlarga keng sharoit yaratib berish uchun alohida industrial zonalar tashkil qilinishi belgilandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ushbu majmualarni boshqarishga chet el kompaniyalarini va ishlab chiqarishga nufuzli brendlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi. 

– Paxtamizga boykot bekor qilinganidan so‘ng, xorijiy kompaniyalar mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirmoqda. Agar, hududlarimizga brendlar olib kirilmasa, mahalliy mahsulotlarimiz jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishi qiyin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bo‘yalgan trikotaj mato va gazlama eksport qiluvchilarga 10 foizgacha miqdorda subsidiya berilishi, chet elga tayyor mahsulot yetkazib berish uchun, buyurtmaga asosan, alohida aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi. Brendlar uchun zarur bo‘lgan furnitura va aksessuarlar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

To‘qimachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytirilishi belgilandi. Jumladan, Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan eksportchi korxonalarga aylanma mablag‘ uchun 5 million dollargacha resurslar tabaqalashtirilgan tartibda ajratiladi. Xorijda omborxonalarni ijaraga olish xarajatlarini qoplab berish uchun cheklangan maydon 100 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun Eksportni rag‘batlantirish agentligiga 100 million dollar ajratiladi.

Davlatimiz rahbari to‘qimachilik korxonalari moliyaviy hisobot bo‘yicha xalqaro standartlarga o‘tishi zarurligini ta’kidladi.

– Bu dunyo bozoriga chiqish, xorijiy brendlar bilan ishlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar jalb qilishga zamin yaratadi, – dedi Prezident.

To‘qimachilik korxonalarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari ham ko‘rsatib o‘tildi. Paxta tolasi va ip-kalavani birjaga muntazam chiqarish, ular uchun to‘lov tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Soha uchun soliq va bojxona ma’murchiligi ham yengillashtirilishi, xususan, xomashyoni bojxona hududida qayta ishlash tartibi soddalashtirilishi qayd etildi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. To‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki yaxlit tizim asosida ishlab, yangi o‘quv yilidan “dual” ta’lim tizimi joriy qilinishi aytildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq mutasaddilari, hokimlar va tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага