14 May 2022 666

Professional kadrlar tayyorlash yo‘lida

Ichki ishlar organlari uchun salohiyati yuqori kadrlarni tayyorlash sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Ana shu maqsadda bundan to‘rt yil muqaddam IIV Akademiyasida Sirtqi taʼlim fakulteti tashkil etilgan edi.

Fakultetda to‘rt yillik o‘quv dasturi asosida taʼlim olgan tinglovchilarning tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda IIV Akademiyasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, IIV Malaka oshirish instituti mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Aytish joizki, o‘quv dargohida 2004 yilgacha faoliyat yuritgan sirtqi taʼlim yo‘nalishida faqat ichki ishlar organlari xodimlari o‘qitilgan. Davlatimiz rahbarining «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan qaytadan tashkil etilgan fakultetda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tizimlarda xizmat qilayotgan xodimlarning ham taʼlim olishiga imkoniyat yaratildi. Shunga ko‘ra, 2018-2019 o‘quv yilida sirtqi taʼlim yo‘nalishiga huquqni muhofaza qiluvchi organlardan 400 nafardan ortiq o‘rta maxsus maʼlumotli nomzodlar qabul qilindi.

Tinglovchilarning mutaxassislikka oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik uslublar samarali tatbiq etildi. Mashg‘ulotlar malakali professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda turdosh oliy taʼlim muassasalarining tajribali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarida malakaviy amaliyotlar tashkil qilindi. O‘quv yili yakuni bo‘yicha tinglovchilar davlat attestatsiyasi imtihonlarini topshirdilar.

O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga oliy maʼlumotli yurist malakasini beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

- Ichki ishlar organlarida 19 yildan beri xizmat qilaman, - deydi Zebo Odilova. - Huquqshunos malakasiga ega bo‘lmaganim kasbiy o‘sishimga taʼsir qilayotgan edi. Muhtaram Prezidentimizning qarori bilan sirtqi taʼlim yo‘nalishining tashkil qilingani men qatori ko‘plab kasbdoshlarimga katta imkoniyat yaratdi. O‘qish davomida mutaxassislikka oid nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar-ni chuqur o‘zlashtirdim. Ustozlarim bergan taʼlim kelgusi faoliyatimda mustahkam poydevor bo‘ladi, albatta.

Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Sarvar Mamayusupov, bitiruvchilardan Doniyor Maripov, Dilrabo Norboyeva so‘z olib, professional kadrlar tayyorlash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlashdi.

Jamshid XOLOV, kapitan. Suhrob SHOMANSUROV olgan suratlar.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага