13 Iyun 2020 1080

Qalbaki valyutafurushlik bilan shug'ullanuvchi jinoiy guruh a'zolari qo'lga olindi

Xiva shahrida yashovchi fuqaro 11 iyun` kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, o'ziga oldindan notanish bo'lgan shaxslardan 11 000 000 so'm evaziga 1 000 evro ayriboshlab olganligini, lekin keyinchalik ushbu xorijiy valyutalarning qalbakiligini bilib, pullarini qaytib olishida yordam so'ragan.

Mazkur murojaat yuzasidan zudlik bilan Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro B.M. boshqaruvidagi "Neksiya" rusumli avtomashina Gurlan tumanida to'xtatilib, xolislar ishtirokida ko'zdan kechirilganida avtomashina salonida 3 500 evro va 50 AQSH dollari miqdoridagi xorijiy valyutalar va 16 490 000 so'm miqdoridagi milliy valyuta borligi aniqlandi.

O'tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko'ra avtomashina salonidan olingan xorijiy valyutalar qalbaki ekanligi ma'lum bo'ldi. SHuningdek B.M. Urganch shahrida yashovchi yana bir fuqaroga 5 490 000 so'm evaziga 500 qalbaki evroni o'tkazganligiga dastlabki surishtiruvlar jarayonida aniqlik kiritildi.

Qalbaki xorijiy valyutalarni muomalaga kiritishga uringan jinoiy guruh a'zolarining qilmishini to'liq fosh etish maqsadida, Xorazm viloyati IIB  va IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida nazorat tartibida o'tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent shahrida yashovchi yana bir nafar gumondor fuqaroning uyida o'tkazilgan tintuv vaqtida qalbaki 200 AQSH dollarini muomalaga kiritish maqsadida saqlab qo'yganligi aniqlandi va u ham qo'lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага