Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga asosan davlat organlarining rahbarlari tomonidan joylarda aholi murojaatlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash va xalq bilan ochiq muloqot orqali aniqlangan muammolarni bartaraf etish masalalariga katta eʼtibor qaratilmoqda
Belgilangan vazifalarni samarali ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 12-may kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov tomonidan soha masʼullari ishtirokida Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Alisher Navoiy istirohat bogʻi hududida Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari aholisi uchun ommaviy sayyor qabuli oʻtkazildi.
Tadbir jarayonida fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyatiga oid murojaatlari, yechimini kutayotgan muammolari hamda xizmatga (oʻqishga) qabul qilish va qayta tiklanish masalalari bilan bogʻliq shikoyatlari koʻrib chiqildi.
Qabul davomida aholidan turli masalalarda 305 ta murojaatlar qabul qilingan boʻlib, ularning 275 tasi bevosita ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq, yaʼni 86 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qayta tiklash, 90 tasi surishtiruv va tergov harakatlari bilan bogʻliq muammolar, 43 tasi ichki ishlar organlariga ishga (oʻqishga) kirish, 31 tasi probatsiya hisobidagi shaxslarni jazo muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish hamda 2 tasi mahkumlarning boshqa jazoni ijro etish muassasasiga oʻtkazish masalalaridir.
Shuningdek, qabulda kelib tushgan murojaatlarning 30 tasida hududdagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolar hal etish soʻralgan. Tadbir jarayonida 23 nafar fuqarodan minnatdorlik mazmunidagi xatlar ham kelib tushgan.
Murojaatlarning 172 tasi (56,4 foizi) ijobiy hal etilib, chuqur oʻrganilishi talab etilayotgan 133 ta (43,6 foiz) murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.
Oʻtkazilgan sayyor qabul jarayonida, aholining murojaatlaridan kelib chiqqan holda, 31 nafar probatsiya hisobida turib tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarni muddatidan oldin shartli ravishda jazodan ozod qilish uchun oʻrnatilgan tartibda tegishli sudlarga taqdimnomalar kiritildi, 39 nafar surishtiruv yoki dastlabki tergov harakatlaridan norozi fuqarolarning murojaatlari qanoatlantirildi, 9 nafar sobiq xodimlar ichki ishlar organlariga qayta ishga tiklandi hamda ichki ishlar organlariga xizmatga kirish istagini bildirgan 40 nafar fuqarolar navbatdagi tanlovda ishtirok etishga ruxsat etildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolarning muammolari ijobiy hal etilib, oliy oʻquv yurtlarida oʻqib kontrakt pulini toʻlashga qiynalgan uch nafar yoshlarga 3 million va ikki nafariga 2 million soʻmdan pul mablagʻlari, uch nafar fuqaroga nogironlar aravachasi hamda aholi bandligini taʼminlash maqsadida 26 nafar fuqarolarga subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi.
Taʼkidlash joiz, murojaatlarni koʻrib chiqishda aholining ehtiyojlari va talablariga tayangan holda uzoq vaqtdan buyon yechimini topmayotgan muammolarni hal etishga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini amalda tiklanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlat organlarining barcha darajadagi rahbarlari tomonidan aholi bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar boshqa viloyatlarda ham davom etadi.
IIV Axborot xizmati