15 Sentabr 2021 912

Qashqadaryo viloyati tumanlarida IIV ishchi guruhi tomonidan fuqarolarning maishiy va kundalik muammolariga yechim topilmoqda

Yurtimizda fuqarolarning muammolariga yechim topish, ularni qiynayotgan kundalik va maishiy yumushlarni bartaraf etish, pirovardida odamlarni hayotdan rozi qilish bugungi kun rahbarlari oldiga qoʻyilgan muhim vazifalardan biri. Ushbu jarayonda fuqarolarning haq-huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash ham diqqat-eʼtiborda. Аyniqsa, fuqarolarning ish bilan taʼminlanish, kundalik maishiy masalalar boʻyicha murojaatlarini tinglash, bu boradagi dolzarb masalalarni oʻrganish va ularni hal qilish maqsadida joriy yilning 14 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida tumanida Ichki ishlar vazirligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, 4 ta sektor rahbarlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlari va mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh sayyor ommaviy qabullar oʻtkazdi. Unda viloyatning Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi va Yakkabogʻ tumanlari va Shahrisabz shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirok etishdi.

Sayyor qabulda 240 nafar fuqarolar ishtirok etdi. Ular orasida 104 nafar fuqarolarning mahallalarni asfaltlashtirish, gaz va ichimlik suvi muammolari, oʻzini oʻzi band qilish, tibbiyot sohasidagi muammolar, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oliy taʼlim muassasalariga toʻlov kontraktlarini toʻlab berish borasidagi murojaatlar tinglandi. Sayyor qabulda 82 ta murojaat joyida hal etildi. 15 nafar fuqarolarga muammosi boʻyicha boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishlari yuzasidan tegishli huquqiy tushunchalar berildi. 7 nafar fuqaroga murojaatlari mablagʻ va vaqt talab etishi tushuntirilib, tegishli mutasaddi idoralarga yuborildi va ijrosi nazoratga olindi.

Eʼtiborli jihati shundaki, murojaatlar orasida Kitob tuman “Toshkent” MFYda yashovchi Qodirova Аnvaroy ancha vaqtdan buyon qandli diabet kasalligi bilan ogʻrib kelishi bois shifoxonaga imtiyozli order soʻradi. Murojaat mutaxassislar ishtirokida oʻrganib chiqilib, muammo joyida hal etildi.

Chiroqchi tumanining “Choshtepa” mahallasida yashovchi, Toshkent davlat iqtisodiyot institutining 3-bosqich talabasi Bekmirzaev Shohabbos toʻlov kontraktini toʻlashga amaliy yordam soʻradi. Murojaat ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqilib, unga toʻlov kontrakti tuman hokimligi tomonidan toʻlab beriladigan boʻldi.

Tadbirda bir guruh kasb-hunarga oʻqitilgan yoshlarga sertifikatlar va oʻzini oʻzi band qilishi uchun subsidiya asosida ish qurollari berildi.

Murojaatlari ijobiy yechim topgan fuqarolar Sayyor qabul shaffof, oshkora va ochiq, odilona oʻtkazilgani uchun muhtaram Prezidentimizga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligini bayon etdi.

Koʻlami keng sayyor qabul yakunida fuqarolardan tushgan murojaatlar jamlanib, tahlil etildi va sektorlar rahbarlariga roʻyxatga olingan muammolarni bartaraf etish majburiyati yuklandi.

Yakunda qabulga kelgan fuqarolarga tushlik tashkil etilib, IIV Аshula va raqs ansambli xonandalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага