24 Noyabr 2021 1335

Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash ishlarining amaliy natijalari oʻrganilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirigʻi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi

PQ-5050-son Qarori talablari asosida Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash ishlari ahvolini oʻrganish uchun 2021-yil 23-noyabrda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatiga yetib keldi.

Shu kunning oʻzida, Ichki ishlar vaziri Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, sohaviy xizmat rahbarlari va barcha tuman-shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda ishchi guruh aʼzolari bilan yoʻriqnomaviy yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda, soʻnggi vaqtda viloyat miqyosida va ayniqsa, Qarshi shahar, Koson, Chiroqchi, Yakkabogʻ, Qamashi tumanlaridagi kriminogen vaziyat nisbatan ogʻirlashib qolganligi, barcha hududlardagi “qizil” mahallalarda jinoyatlar soni nisbatan koʻp sodir etilayotganligi tanqid qilindi.

Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, viloyatning har bir tuman va shahrida hamda kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan mahallalarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 12-fevralida oʻtkazilgan Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan majlisi davomida berilgan topshiriqlarning ijrosini oʻrganish uchun alohida masʼullar biriktirildi.

Xususan, masʼullarning faoliyati huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda quyidagi uchta yoʻnalishda tashkil etildi:

– 1-yoʻnalish – viloyatdagi tuman va shaharlarni jinoyatdan holi namunali va xavfsiz hududga aylantirish boʻyicha koʻrilgan choralarni, shuningdek, mahallalarda jinoyatchilikni “jilovlash” amaliyotini, profilaktika inspektorlari uchun yaratilayotgan sharoitlarni, shu jumladan ular bilan har oyda hokimlar tomonidan oʻtkazilayotgan uchrashuvlar ahvolini, xizmat faoliyatini raqamlashtirish borasidagi ishlarni hamda 3-sektor shtablari faoliyatini oʻrganish;

– 2-yoʻnalish – jinoyatchilikka qarshi kurashish va uni barvaqt oldini olish yoʻnalishidagi ishlar ahvoli, tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari, “102” tizimi faoliyati, shuningdek, hudud rahbarlarining kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish boʻyicha tashabbuskorligi ahvoli bilan tanishish va bu boradagi faoliyatni jadallashtirish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarni har bir tuman-shahar hududida oʻtkazish;

– 3-yoʻnalish – xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish ahvolini oʻrganish, bu borada tuman-shaharlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ahvolini oʻrganish kabi masalalar kiritilgan.

Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi har bir tuman va shaharlarga borgan holda, oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага