5 Avgust 2022 479

Qingʻir ishning qiyigʻi

IIV Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasiga Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro Dilbar Shokirova (ism-shariflar oʻzgartirildi)ning odam savdosidan jabrlanganligi yuzasidan maʼlumot kelib tushdi. Fuqaroning bildirishicha, joriy yilning aprel-may oylari davomida unga Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahridagi mehmonxonalarda zoʻravonlik va kuch ishlatib, shahvoniy maqsadlarda foydalanib kelishgan.

Ushbu maʼlumot yuzasidan olib borilgan tezkor-surishtiruvlarda maʼlum boʻlishicha, Dilbar joriy yilning aprel oyida tanishi - Yangiyoʻl tumanida yashovchi Noilaga moddiy tomondan qiynalayotganligini aytib, yordam soʻragan.

Noila yaqinda Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi Madina ismli tanishini BAAga ishga yuborganini, ayni paytda u Dubay shahridagi qogʻoz fabrikasida ishlab, oyiga 2500 AQSH dollari miqdorida maosh olayotganligini aytadi.

Xohlasa, Dilbarni ham uning oldiga yuborishi mumkinligini, yoʻl va boshqa xarajatlarni ham oʻzi qoplashini, ishga kirib toʻlab berishini aytib, uni qiziqtiradi.

Koʻp oʻylab oʻtirmay, Dilbar rozi boʻladi. Joriy yilning 31-aprel kuni uning uyiga Noila hamda Dubaydagi qogʻoz fabrikasida ishlayotgani aytilgan Madinaning onasi Muborak kelib, BAAga ketishi uchun barcha hujjatlar tayyor boʻlganligini, Sharja shahridagi aeroportda uni qizi kutib olishini taʼkidlaydi.

Tez orada BAAga yetib borgan, Dubay shahridagi mehmonxonalardan biriga joylashgan Dilbarning oldiga oʻzini Farangiz (jinoiy guruh rahbari) deb tanishtirgan ayol kelib, uni bu yerga olib kelish uchun 8000 AQSH dollari miqdorida pul sarflaganligi va bu pullarni fohishalik qilib ishlab berishi lozimligini aytadi. Doʻq-poʻpisa bilan qoʻrqitib, pasportini olib qoʻyadi.

Shundan keyin, Dilbar 5 kun davomida oʻsha mehmonxonada turli millat vakillari boʻlgan mijozlar bilan aloqada boʻlishga majburlangan. Keyin Farangizning topshirigʻiga koʻra, Lena uni boshqa mehmonxonaga oʻtkazgan.

Dilbar ushbu mehmonxonada ham 3 kun davomida doimiy qiynoqlar ostida mijozlar bilan aloqada boʻlishga majburlangan. Biroz vaqt oʻtib, Dilbarning sogʻligʻi yomonlashadi.

Dilbar ilojini topib, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashovchi opasi Zamiraga internet tarmogʻi orqali aloqaga chiqib, oʻzining ayanchli holati haqida ovozli va videoyozuvli xabarlarni yuborgan.

Oʻzbekistonning Dubaydagi konsulxonasi xodimlari yordamida 22-may kuni yashash manziliga qaytib kelib, oʻzini sotib yuborgan shaxslar ustidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Yurtimizda faoliyat koʻrsatgan jinoiy guruhning aʼzolari qoʻlga olingan boʻlsa, xorijdagi hamtovoqlarining shaxsiga aniqlik kiritilib, ularni qoʻlga olish choralari koʻrilyapti.

Farhod Ahmedov, podpolkovnik.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага