Qo‘lda yaratilgan quvonch
Har bir inson tug‘ilgan kun yoki boshqa qandaydir bayramlar munosabati bilan yaqinlaridan sovg‘a olishni yoqtirsa kerak. Ko‘pchilik uchun sovg‘aning qiymati emas, uning ahamiyati, ko‘rsatilayotgan eʼtibor muhim. U qanday buyum bo‘lishidan qatʼi nazar hadya qiluvchi uchun ham qadrli bo‘lsa, albatta oluvchi uchun ham qadrli bo‘ladi. Ayniqsa, o‘z qo‘lingiz bilan qandaydir go‘zal buyum yasab, uni yaqin kishingizga sovg‘a qilsangiz, buning qadri va quvonchi bebaho bo‘ladi.
JIED Birinchi mintaqaviy hudud 7-son JIEK ishlab chiqarish korxonasida ana shunday ko‘rkam qutichalar yasash yo‘lga qo‘yilgan. Chinni idishlar, taqinchoqlar va boshqa esdalik sovg‘alari solishga mo‘ljallangan bu qutichalarning ko‘rinishiyoq ko‘zni quvnatib, kishiga allaqanday ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Bu qutichalarni sifatli va ko‘rkam qilib yasash va isteʼmolchiga yetkazib berishdan ham muhimroq narsa bor. Bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, endilikda qilgan xatosi uchun jazo o‘tayotgan shaxslar, ana shu quvonchni o‘z qo‘llari bilan yaratishni o‘rganib olishyapti.
— Men birinchi bor shu qutichalarni ko‘rganimda bu yerda yasalishini o‘ylamagandim, — deydi mahkum I.O‘rinboyev. — Qandaydir buyumlarni solish uchun olib kelingan deb o‘ylagan edim. Keyin ishlab chiqarish sexida faoliyat yurita boshladim. Ustachilikni ustozlardan o‘rganar ekanman, shu qutichalarni o‘zim yasashni o‘rganmoqchi ekanimni aytdim. Bu juda oson ekan, faqat qunt va qiziqish bilan ishlansa, mehr berilsagina ko‘zni quvontiradigan sovg‘alar paydo bo‘larkan. Eng asosiysi, ozodlikka chiqqanimdan keyin biror yaqinimga sovg‘a bermoqchi bo‘lsam, bozordan izlab yurmayman. Axir bu qo‘limdan keladiku.
Mazkur koloniyada nafaqat sovg‘a uchun qutichalar, balki milliy hunarmandchiligimizning ko‘hna turlaridan biri bo‘lgan yog‘och o‘ymakorligi sanʼatining bir qancha namunalari ham yaratiladi. Mahkumlar shunday sanʼat asarlarini o‘z qo‘llari bilan yaratishar ekan, o‘z sanʼatidan quvonch tuymoqda, nimalarga qodir ekanini ko‘rib hayratlanishyapti. Inson qo‘llari ana shunday moʻjizalar yaratishga qodir. Ayrimlar esa bu qudratni qing‘ir yo‘llarga sarflab, oqibatda pushaymonlik girdobida qolishadi. Jazoni ijro etish tizimida mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik tadbirlarda esa, ana shu isteʼdodlarni kashf etish va qo‘l kuchini maqsadli ishlarga yo‘naltirishga eʼtibor qaratiladi.
IIV huzuridagi JIED Axborot xizmati