7 May 2022 2743

Qoraqalpog‘istonda aholi muammolarini “mahallabay” bartaraf etishga qaratilgan faoliyat tanqidiy tahlil qilindi

Avval xabar berganimizdek, Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi respublika idoralararo ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston respublikasining barcha tuman-shaharlarida bo‘lib, aholining sog‘liqni saqlash, taʼlim, huquqni muhofaza qilish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarini manzilli bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Ishchi guruh vakillari hududning alohida xususiyatini hisobga olgan holda, muammolarni bartaraf etishni ilmiy jihatdan tahlil qilmoqda.

Xususan, ish o‘rinlarini yaratish, aholini doimiy daromad manbaini shakllantirish va bu boradagi faoliyatni qo‘llab-quvvatlash muhim masala hisoblanadi. Shu bois masʼullar Beruniy tumani “Abay” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan “Beruniy bug‘doy klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli un ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Eʼtiborlisi shundaki, mazkur korxona 65 nafar mahalliy yoshlarning doimiy bandligini taʼminlagan.

Ishchi guruh masʼullari korxona rahbari bilan suhbat jarayonida, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida Prezidentimiz islohotlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi, korxona faoliyatini yana-da rivojlantirish, ish o‘rinlarini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shundan so‘ng, tumanning “To‘qimachi” mahallasida qurilishi rejalashtirilgan 2–mintaqaviy  muvofiqlashtirish markazi binosi loyihasi va vazir o‘rinbosari Azizbek Ikramovning markaz faoliyatiga oid taqdimoti bilan tanishildi. Ushbu markazning qurilish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi masʼullaridan iborat ishchi guruh tashkil etilishi kelishib olindi.

Qoraqalpoq yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligiga ishchi guruh vakillari o‘rganishlar davomida bir-necha marta guvoh bo‘ldilar. Jumladan Beruniy tumani “To‘qimachi” mahallasi hududida joylashgan 35-son ixtisoslashtirilgan maktabda 5 muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan tadbirlar buning yaqqol misolidir. Ushbu tadbirda “Zukko kitobxon”, “Zakovat”, rassomchilik, milliy hunarmandchilik, ashula va raqs, sheʼriyat yo‘nalishlari hamda sportning voleybol, futbol,  shaxmat-shashka turlari bo‘yicha faol ishtirokchilar ishchi guruh masʼullari tashabbusi bilan taqdirlandilar.

Respublika ishchi guruhi, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi muammolarini bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini Ellikqalʼa tumanida tashkil etilgan ishlar bilan davom ettirdi. Xususan masʼullar, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kiritilgan 50 nafar mahalliy ayollarning bandligi taʼminlagan “Guldursun Nafosati” xususiy korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. “Saxtiyon” mahallasida joylashgan mazkur korxonada tikuvchilik sexi, yoshlarni sportga jalb etish maqsadida tashkil etilgan sport to‘garaklari o‘tkazish uchun sport zali hamda turli xil tadbirlar va to‘y marosimlarini o‘tkazishga ixtisoslashgan banket zali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shundan so‘ng, tumanning “Alisher Navoiy” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Odamboyev xonadonida imtiyozli kredit asosida tashkil etilgan issiqxona, quyonchilik, parrandachilik, chorvachilik va intensiv baliq yetishtirish amaliyoti o‘rganildi. Sektor rahbarlariga ushbu amaliyotni keng tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘rganishlarning so‘ngi kunida ishchi guruh vakillari Nukus olimpiya zaxiralari kollejida milliy kurash sport turi bo‘yicha tashkil etilgan sport musobaqasida ishtirok etdilar.

Hammamizga maʼlumki bugungi kunda mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olishda profilaktika inspektorlarining ro‘lini kuchaytirish, ularning har tomonlama bilimlarini oshirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.

Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining farmoyishi asosida shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugida profilaktika inspektorlarini ixtisoslashtirilgan o‘quv-amaliy kurslari tashkil etilgan. Ishchi guruh vakillari o‘quv jarayoni va profilaktika inspektorlariga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Bugungi tahlikali zamonda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlardan kelib chiqib, zamonaviy profilaktika inspektoring huquqiy, informatsion axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim ko‘nikmalari yuqori saviyada bo‘lishi lozimligi masʼullar tomonidan taʼkidlandi. Shu bois o‘quv kurslarining muddatini bir haftadan o‘n besh kun muddatga uzaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. O‘quv jarayonlarida har tomonlama safdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir nafar profilaktika inspektori muddatidan oldin rag‘batlantirish tariqasida mayor maxsus unvoni bilan yana ikki nafari boshqa turdagi mukofotlar bilan taqdirlandi.

Hozirda yoshlarning barcha qatlamlari bilan manzilli ishlash, yoshlar o‘rtasida ayniqsa oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish dolzarb masala hisoblanadi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti binosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri polkovnik O‘rinbayev Amanbayning talabalar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha taqdimoti bilan tanishildi.

Qoraqalpog‘iston respublikasidagi 3 kunlik o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davomida 7 nafar Probatsiya nazorati ostidagi shaxslar ishga joylashtirildi, huquq-tartibot idoralari, hokimliklar va mahalla vakillari ishtirokida 133 ta nizoli oila o‘rganilib, 86 ta oilaning maishiy muammosi to‘liq bartaraf etildi.

IIV alohida ishchi guruhi tashabbusi bilan olib borilgan keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar davomida 72 ta jinoiy va 144 ta maʼmuriy holatlar aniqlandi. Ilgari jinoyat sodir etib hozirda qidiruvda bo‘lgan 18 nafar shaxslar ushlandi. Yo‘llarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash maqsadida olib borilgan tadbirlar davomida 47 ta piyodalar o‘tish yo‘lagi chizildi, 115 ta yo‘l belgilari va 1 ta svetofor o‘rnatildi. Maxsus avtoreyd davomida 2812 ta qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Ishchi guruh tomonidan respublikaning barcha shahar-tumanlarda aholining muammolarini bartaraf etish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar respublika, tuman-shahar sektor va boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi.

O‘rganishlar yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda sektor rahbarlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorining aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha amaliyoti qoniqarli darajada emasligi taʼkidlandi.

Sektor rahbarlarining jinoyat muhokamalaridagi ishtiroki to‘liq taʼminlanmaganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Asosiz xotirjamlikka berilib, faoliyatida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilot masʼullari aniqlandi. Jumladan, O‘rganishlar natijalari bo‘yicha sektorlar faoliyatini yuritishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari uchun Xo‘jayli tuman IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etildi,  Amudaryo IIB boshlig‘i rotatsiya qilindi, Qonliko‘l davlat soliq inspeksiyasi  boshlig‘i uch oy sinov muddati bilan lavozimini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi va yana tuman-shahar miqyosidagi 5 nafar prokurorlar, 1 nafar IIB boshlig‘i va 3 nafar DSI boshliqlari ogohlantirilib, uch oylik sinov muddati bilan birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish belgilandi.

Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага