8 Iyul 2021 192

Qo'shin a'lochisi

Shavkatjonda harbiy bo'lish orzusi bolalikdayoq uyg'ongan. Bunga sabab akasi serjant Isomiddin Turdievning harbiy sohada faoliyat yuritgani bo'lsa kerak. 1984 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog' tumanida tug'ilgan qahramonimiz maktabda o'qib yurgan kezlarida fanlarni puxta o'zlashtirardi. Ayniqsa, chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash darslariga alohida tayyorgarlik ko'rar, shuningdek, xizmat ta'tiliga kelgan akasidan harbiylarga xos bo'lgan xislatlarni chuqur o'rganar edi. Bo'sh paytlari sportning engil atletika turi bilan ham shug'ullanardi.

Yakkabog' kasb-hunar kollejini muvaffaqiyatli bitirgan Shavkat harbiy xizmatga otlandi. Yigitlik burchini IIV Qorovul qo'shinlariga qarashli Qoraqalpog'iston Respublikasida joylashgan harbiy qismda o'tadi. U muddatli harbiy xizmat chog'idayoq o'zining tirishqoqligi, topshiriqlarni bekamu ko'st uddalashi bilan rahbariyatning nazariga tushadi. Shu sababli Shavkatga xizmatni shartnoma asosida davom ettirishni taklif qilishdi.

Orzusi ushalib, dastlab oddiy askar unvoni bilan harbiy nazoratchi lavozimida faoliyatini boshlagan Shavkat Turdiev o'z ustida tinimsiz izlanib, sohaga oid bilim va ko'nikmalarini oshirib bordi. Bu borada unga ustozlari katta serjantlar Shavkat Rajabov va Narzullo Pardaev yaqindan yordam berishdi. O'z vazifasini mukammal bajara oladigan bu yigitdagi qobiliyatni sezgan harbiy qism rahbariyati uni sektsiya komandiri lavozimiga loyiq topdi.

«Olis yo'l otni sinar, qiyin yo'l mardni» deganlaridek, Qoraqalpog'iston Respublikasida besh yildan ortiqroq vaqt xizmat qilgan serjant Shavkat Turdiev 2009 yildan Qarshi shahridagi 7533-harbiy qism sektsiya komandiri lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda. Undagi kasbiy mahorat, malaka va tajriba keyingi yillarda qorovul boshlig'i vazifasida faoliyat yuritishiga zamin yaratdi.

Mana, olti yildirki, 1-darajali serjant Shavkat Turdiev ushbu harbiy jamoada qorovul boshlig'i lavozimida xizmat qilib kelmoqda. Harbiy qism komandiri, podpolkovnik R.Rozumov, batal`on komandiri, podpolkovnik U.Xolmonovdan xizmatga oid olgan saboqlariga qat'iy amal qilyapti. Bugungi kunda sektsiya komandiri, serjant I.Nurov, boshqaruv pul`ti operatori, oddiy askar Sh.Maxmanazarov uni ustoz sifatida qadrlashadi.

el-yurt tinchligi va osoyishtaligi yo'lida qilingan har qanday xizmat e'tirofsiz qolmagan. Shavkat Turdiev ham namunali xizmatlari hamda faolligi uchun shu yilning mart oyida «IIV qo'shin a'lochisi» ko'krak nishoni bilan takdirlandi.

Sodiq RAHIMOV, «Rotda» muxbiri.

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага