Rasmiy bayonot
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasining “Miting, yig'ilish va namoyishlar to'g'risida”gi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgandan so'ng, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining, ushbu qonunni qabul qilish zarurati Belorusiyada o'tkazilayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so'ng vujudga kelganligi to'g'risida turli noo'rin fikrlari shakllanib bormoqda.
eslatib o'tish joizki, mamlakatimizning amaldagi qonunchiligida yig'ilish, miting va namoyishlar tushunchalari, ularni tashkil etish va o'tkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Mazkur huquqiy bo'shliq hanuzgacha, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida ko'rsatilgan qoidalarni to'liq ro'yobga chiqarishga imkon bermasdan kelmoqda.
Shuningdek, Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining 2019 yil 22 dekabrda mamlakatimizda o'tkazilgan parlament saylovlari bo'yicha yakuniy hisobotidagi kamchilik sifatida ham respublikamizda fuqarolarning ijtimoiy faolliklarini tartibga soluvchi birorta normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ko'rsatilgan edi.
Shunga asosan, vazirlik tomonidan mazkur yo'nalishdagi xalqaro (RF, AQSh, Germaniya, Frantsiya, estoniya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston Qirg'iziston, Qozog'iston) tajribani chuqur o'rgangan holda yuqorida ko'rsatilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Mazkur qonunni qabul qilishdan asosiy maqsad, fuqarolarning o'z ijtimoiy faolliklarini miting, yig'ilish va namoyishlar ko'rinishida amalga oshirishga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro'yobga chiqarish, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat.
IIV Axborot xizmati