10 Fevral 2021 5812

Rasmiy murojaat

So'nggi kunlarda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan qo'zg'atilgan jinoyat ishiga taalluqli ma'lumotlar jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan O'zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi qonuniga muvofiq rasmiy axborot berilganiga qaramasdan, mamlakatimiz va xorijiy ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan turli mish-mishlarni tarqatish, davlat idoralarining vakolatlari va harakatlarini shubha ostiga qo'yish, ularni obro'sizlantirishga qaratilgan xabarlarni ko'paytirish, masalaning mohiyatini tushunmasdan turib ommani chalg'itish va boshqa qonunbuzarlik holatlari takrorlanib kelmoqda.

eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonuniga muvofiq jamoatchilik nazorati sub'ektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga g'ayriqonuniy ta'sir ko'rsatishiga yo'l qo'yilmaydi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi qonuni bilan tergov organlarining materiallarini e'lon qilish, muayyan ish bo'yicha sud qarori chiqmasdan turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo'l bilan ta'sir ko'rsatish qat'iyan taqiqlangan.

Jinoyat protsessi ishtirokchisini qo'lga olish bilan bog'liq harakatlar esa, o'z navbatida, O'zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi qonunining 22-moddasi bilan tartibga solinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarning faollari tomonidan jinoyat ishi bilan bog'liq tekshirilmagan axborotni jamoatchilikka tarqatish orqali biror-bir maqsadga erishishga harakat qilish, tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun'iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish – tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, deb baholanadi va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Tergov va sud organlari o'zining vakolat doirasidagi faoliyatini, jumladan muhokama etilayotgan holat yuzasidan, aybsizlik prezumptsiyasiga to'la rioya etgan holda hamda jamoatchilik oldidagi majburiyatidan kelib chiqib olib boradilar.

Qonun ustuvorligi haqida bong urayotgan ijtimoiy tarmoq faollaridan yurtimiz qonunchiligini hurmat qilishlarini talab qilamiz.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G'iyosov

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага