18 Iyun 2022 2065

Respublika idoralararo ishchi guruhining Farg‘onada olib borilgan o‘rganishlari yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi 4 kun davomida Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida bo‘lib, hududlarda Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosi, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, mahallalarni jinoyatdan holi, xavfsiz hududga aylantirish, sektor rahbarlarining aholi vakillari muammolariga yechim topishi holati, islohotlarning chekka hududlarga yetib borishi, fuqarolar ijobiy o‘zgarishlarni kundalik hayotida his etishlari bilan tanishish maqsadida o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganishlar yakuniga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilishda sektorlar faoliyati tahlil qilinib, aholi bandligini taʼminlash, ishsizlikka barham berish, ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni o‘z joyida hal etish va bu orqali odamlarning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashlarini taʼminlash davlat siyosatining bosh maqsadi ekanligi taʼkidlandi.

Tahlillardan ko‘rinadiki, bu borada viloyat hududida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, hali yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas.

Birgina bandlik masalasini taʼminlash maqsadida ayrim tumanlarda o‘tgan besh oy davomida 3-4 marotaba mehnat yarmarkalari tashkil etilgan, xolos. Raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu muddat davomida 120 ta jinoyat aynan ishsizlar tomonidan sodir etilgan.

Viloyatda jinoyatlarni jilovlash borasida mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay ish tashkil etilib, mahallalar qizil”, “sariq va yashil” toifalarga ajratib olingan.

Qizil” va “Sariq” mahallalarning har biriga shahar-tuman hokimlari hamda huquq-tartibot idoralarining masʼul rahbarlari, eng og‘ir bo‘lgan 10 tasiga viloyat darajasidagi rahbarlar biriktirilib,  hududda mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha “ijtimoiy profilaktika” tizimi amaliyotga tatbiq etildi. 

Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar taʼsirchanligini yana-da oshirish, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar profilaktikasini kuchaytirish, jinoyat muhokamalarini muntazam tashkil etish orqali ular salmog‘ini yana-da kamaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari tomonidan aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlarni ko‘paytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Anjumanda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Afsuski, joriy yilning 4 oyi davomida  viloyatda 1240 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, bunga bir qator omillar, xususan, ayrim yo‘llar infratuzilmasi yaxshi emasligi, haydovchilar va yo‘lovchilarda yo‘l qoidalariga oid bilim va masʼuliyatning kamligi sabab bo‘layotgani taʼkidlab o‘tildi.

Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 29 noyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda eng muhim hujjat sifatida bir qator tashkilotlar oldiga aniq vazifalarni belgilab berilgan.

Ushbu hujjatning viloyatdagi ijrosi ham chuqur tahlil qilindi.

Jinoyatchilikni jilovlash va oldini olishda huquqiy targ‘ibot tadbirlarining roli katta ekanligi taʼkidlanib, bu borada adliya organlari tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot materiallarini ko‘paytirish lozimligi tushuntirildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida sud qarorlari ijrosini taʼminlash, oliy taʼlim muassasalariga profilaktika inspektorlarini to‘liq jalb etish, aholi murojaatlarini o‘rganish va hal qilish, kommunal xizmatlar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, erishilgan yutuqlar tahlil etildi.

Bundan buyon mahalla raisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi hamda yoshlar yetakchisi o‘zaro hamjihat bo‘lib, katta kuchga aylanib,  aholi muammolarini bartaraf etishda tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish kerak, deyildi yig‘ilishda.

O‘rganish natijalaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, jinoyatchilikni jilovlash borasidagi profilaktik ishlarni sifat jihatidan yanada yaxshilashga, kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan mahallalarda yo‘l xaritalarini qaytadan ishlab chiqish, aholining muammolarini uyma-uy o‘rganib, «fuqarobay» ishlash usulini amaliyotga keng tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda mutasaddi rahbarlar oldida turgan eng muhim va ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida zimmasiga yuklatilgan vazifalarga masʼuliyat bilan yondashgan mutasaddilar eʼtirof etilib, aksincha, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼullarga tegishli tartibda chora ko‘rish belgilab olindi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага