16 Iyun 2022 575

Respublika ishchi guruhi – Soʻx tumanida

Fargʻona viloyatining Soʻx tumani alohida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan anklav hudud hisoblanadi. Tumanning mavjud resurslaridan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiyalash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish, sanoat salohiyatini yanada oshirish, qishloq xoʻjaligi, servis va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish hisobiga tuman aholisining turmush darajasini yaxshilash boʻyicha Davlatimiz rahbarining alohida qarori qabul qilingan.

Mazkur qarorga muvofiq barcha davlat organlari va mutasaddi tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu ustuvor vazifalar ijrosini oʻrganish, aholining turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov va Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi respublika idoralararo ishchi guruhi Soʻx tumanida boʻldi.

Masʼullar dastlab tumandagi “Istiqlol” mahallasida yangi barpo etilgan bolalar sogʻlomlashtirish markazida dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrgandilar.

Shu yerning oʻzida mahallada istiqomat qiluvchi 20 nafar nuroniy va mehnat faxriylari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi. Masʼullar Prezidentimiz tashabbusi bilan keksa avlod vakillariga qaratilayotgan eʼtibor, ularning jamiyatdagi oʻrnini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdilar. Muloqot chogʻida soʻxlik nuroniylar ham Davlatimiz rahbari tomonidan Soʻx tumanini barcha jabhalarda rivojlantirish uchun berilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirdilar.

Xususan, 90 yoshli faxriy oʻqituvchi Subbiddin Sharofiddinov tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlarining sharafli va mashaqqatli mehnatini alohida eʼtirof etib, tuman IIB boshligʻi, polkovnik Qosimjon Rahimberdiyevga atalgan, oʻzi yozgan sheʼrini oʻqib berdi.

Shu bilan birgalikda, faxriylarning takliflari ham eshitildi. Jumladan, faxriy oʻqituvchi Erkin Sulaymonov tuman IIO tizimida mutaxassis kadrlar yetishmasligini inobatga olgan holda, IIV Akademiyasi va litseylariga kvotalarni oshirish taklifini bildirdi.

Shuningdek, faxriylar tumanning Gʻaznov qishlogʻida joylashgan maktab uchun qoʻshimcha bino kerakligini maʼlum qilib, ishchi guruh masʼullaridan amaliy yordam soʻradilar. Ushbu murojaatni oʻrganish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

Shundan soʻng masʼullar chegara hududida joylashgan qadimiy “Chashma” bulogʻini koʻzdan kechirib, hududning xavfsizligini taʼminlash va yanada obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berishdi.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi 96 yoshli Keldibek otaning holidan xabar olinib, oilaviy sharoitini oʻrgandilar. Maʼlum boʻlishicha, otaxonning nabirasi Saminjon Keldibekov kelajakda ichki ishlar xodimi boʻlish istagi borligini bildirdi. Ichki ishlar vaziri Saminjon Keldibekovni IIV Fargʻona akademik litseyiga oʻqishga kirishida amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Soʻx tumanida Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasidagi “Soʻx” chegara-bojxona posti “Chashma” bojxona punktida fuqarolar va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar ham ishchi guruh masʼullari tomonidan atroflicha oʻrganilib, xavfsizlik va xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Hamamizga maʼlumki, soʻnggi yillarda huquqni muhofaza qilish organlarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash, fuqarolarni qabul qilish va xodimlar uchun xizmat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ishchi guruh masʼullari tuman IIB, prokuratura va jinoyat ishlari boʻyicha sudi binosida fuqarolar va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni ham koʻzdan kechirdilar.

Tumandagi oʻrganishlar yakunida hududning alohida xususiyatidan kelib chiqqan holda, sektor va mutasaddi tashkilot rahbarlari asossiz xotirjamlikka berilmasligi, asosiy eʼtiborni xalqning roziligini olishga qaratish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага