26 May 2022 885

Respublika ishchi guruhi Angren, Ohangaron, Olmaliq shahri va Ohangaron tumanida amalga oshirayotgan ishlar bilan tanishdi

Xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Ichki ishlar vaziri hamda boshqa huquqni muhofaza qilish organ rahbarlaridan iborat respublika ishchi guruhi Toshkent viloyatida oʻrganish ishlari olib bormoqda.

Jumladan, ishchi guruh 25-may kuni Angren, Ohangaron, Olmaliq shahri va Ohangaron tumanida boʻlib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi farovonligi yoʻlida sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Xususan, Angren shahri “Istiqbol” MFYda oʻtkazilgan uchrashuvda mahalla raisi, faol yoshlar va nuroniylar bilan bilan suhbat oʻtkazilib, mahalladagi muammolar oʻrganildi. Aholining fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari Angren shahar bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda “Delfin” yopiq suv havzasi faoliyati bilan tanishib, murabbiy va sportchilar bilan suhbat qildi. Jarayonda turli nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarni qayt etgan yosh sportchi va ularning murabbiylariga esdalik sovgʻalar topshirishdi.

Qayd etish joizki, mazkur suv havzasida nafaqat sportchilar uchun, balki, shahar aholisi uchun ham sharoit yaratilgan boʻlib, bir vaqtning oʻzida 100 dan ortiq aholi suv sporti bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega.

Ishchi guruhning navbatdagi manzili Prezident qarori bilan namunali IIB binosi sifatida tashkil qilingan, Angren shahar IIB va viloyat IIBB 2-mintaqaviy muvofiqlashtirish markaziga boʻldi. Jarayonda IIB faoliyatini bilan yaqindan tanishilib, xodimlar bilan suhbat oʻtkazildi. Shu bilan birga, markazda tashkil qilingan IIO tarixini oʻzida aks ettirilgan muzey va u yerdagi eksponatlarni koʻzdan kechirishdi.

Shu kabi Ohangaron tumanida 200 ortiq xodim ishlovchi maishiy texnika ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxona faoliyati bilan tanishilgan boʻlsa, Yoshlar texno parkida tuman 4 sektor rahbarining faoliyati natijadorligi tahlil qilinib, ish samaradorligini oshirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berildi.

Ishchi guruhning navbatdagi manzili Olmaliq shahriga boʻldi. Shaharning “Saxovat” mahallasida jamoatchilik va yoshi ulugʻ nuroniylar bilan uchrashuv tashkil qilinib, suhbatda mahalladagi muammolar muhokama qilindi. Jarayonda profilaktika inspektorining faoliyati ham oʻrganildi.

Shuningdek, yoshlarni sportga jalb qilish yuzasidan sektor rahbarlarining amaliy ishlarini koʻzdan kechirish maqsadida, ishchi guruh OKMK sport majmuasida boʻlishdi. Majmuada oʻtayotgan boks musobaqasining viloyat bosqichini tomosha qilib, musobaqaning taqdirlash marosimida ishtirok etishdi.

Tashrif soʻngida sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida masʼullarga zarur topshiriqlar berildi. Ishchi guruhning Toshkent viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага