23 May 2022 750

Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatidagi oʻrganishlarini yakunladi

Maʼlumki, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishi har tomonlama sektorlar faoliyatining natijadorligiga borib taqaladi. Bugungi kun rahbaridan har jabhada tashabbuskorlik, hududning alohida xususiyatidan kelib chiqqan holda, ilmiy asoslangan tajribalar yaratish va uni hayotga keng tatbiq etish talab etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan barcha davlat organlari va tashkilotlar zimmasiga huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, mahallarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish, aholining muammolarini manzilli bartaraf etish ishlarni amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangan. Endilikda sektor va boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlarining faoliyatiga bevosita murojaatlar koʻrsatgichi, aholining turmush darajasi va hududdagi jinoyatchilik ahvoli bilan oʻzaro bogʻliq holda baho beriladi.

Asosiy maqsad esa islohotlarning chekka hududlarga yetib borishi, fuqarolar ijobiy oʻzgarishlarni oʻz kundalik hayotida his etishlarini taʼminlashdir.

Shu kabi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralar aro respublika ishchi guruhi 17-20-may kunlari Buxoro viloyatining barcha tuman-shaharlarida boʻlib, aholi muammolarini manzilli bartaraf etish choralarini koʻrdi.

Bu boradagi oʻrganishlarning uchinchi kuni viloyatning Peshku, Romitan va Buxoro tumanlarida davom etib, bunda hududlarda «mahallabay», «xonadonbay» va «fuqarobay» tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar masʼullarning eʼtibor markazida boʻldi.

Shu oʻrinda, Peshku tumanidagi “Ibn Sino” mahallasida yashovchi fuqaro
Temir Qurbonov xonadonida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil etilgan sabzavot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek chorvachilik, parrandachilik va pillachilik tajribasi oʻrganildi. Pilla rejasini ortigʻi bilan bajargan bir guruh pillakorlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Romitan tumanidagi “Afrosiyob” mahallasida joylashgan “Tadbirkorga koʻmak markazi”da esa aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikdan chiqarish va ehtiyojmand fuqarolarning bandligini taʼminlash barobarida ularning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi yoʻlida olib borilayotgan faoliyat bilan tanishildi.

Shuningdek, sektor rahbarlarining hokim yordamchilari bilan hamkorlikda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha «fuqarobay» ishlash amaliyoti ham oʻrganildi.

Oʻrganishlarning oxirgi manzili esa Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahallasida joylashgan “Naqshband hunarmandchilik markazi” boʻlib, bu yerda ustoz-shogird anʼanalari asosida yoshlarni kasbga-hunarga oʻrgatish tajribasi yaqindan oʻrganildi.

 

Aytib oʻtganimizdek har bir saʼy-harakatning samaradorligi uning natijadorligi bilan belgilanadi.

Oʻrganishlar davomida huquq-tartibot idoralari, hokimliklar va mahalla vakillari ishtirokida 295 ta nizoli oila oʻrganilib, 250 ta oilaning maishiy muammolari toʻliq bartaraf etildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 709 nafar fuqaroga jami 18,8 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.

Mahallalarda 4,3 km ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, 19 km gaz quvurlari taʼmirlandi, 8 512 dona suyultirilgan gaz balonlari tarqatildi, 5,1 km ichki yoʻllarga shagʻal va 4,9 km asfalt yotqizildi. Yoʻl transport hodisalarini oldini olish maqsadida 109 ta piyodalar oʻtish yoʻlagi chizildi, 179 ta yoʻl belgilari va svetoforlar oʻrnatildi.

Viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan tezkor profilaktik tadbirlar davomida 120 ta jinoiy holat va 151 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlandi, ilgari sodir etilib, ochilmasdan qolgan 12 ta jinoyat fosh etildi, 14 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. Maxsus «Avtoreyd» tadbirlarida esa 4010 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.

Respublika ishchi guruhining viloyatdagi oʻrganishlari yakuni boʻyicha, viloyat sektor va mutasaddi tashkilotlari rahbarlari ishtirokida tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlash ahvoli qoniqarli darajada emasligi ishchi guruh masʼullari tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi. Jumladan oʻtgan yilda hal etilmagan murojaatlarning sakson foizi qayta oʻrganilib, muammolar bartaraf etilgan. Viloyat mutasaddilari esa toʻgʻri tushuntirish bilan cheklangan xolos.

Yigʻilishda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi polkovnik B.Abdullayev soʻzga chiqib, viloyat ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi oʻrganishlari yuzasidan hisobot berib, baʼzi sektorlar faoliyati tanqid qilindi va kamchiliklar sanab oʻtildi.

Ishchi guruhi aʼzolari Romitan, Olot, Jondor tumanlari va Buxoro shahar hokimlari, viloyat davlat Soliq boshqarmasi, Xalq taʼlimi boshqarmasi, Sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi, Milliy gvardiya Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi rahbarlari faoliyati tanqid qilinib, ushbu sohalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni joyida muhokama qilish masalalarida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyganligiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar hamda hududlardagi sektorlar rahbarlariga jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda «mahallabay» tamoyili asosida ish olib borish, sodir etilgan har bir jinoyatchilikni joyida muhokama etish, mayda huquqbuzarlik kelgusida ogʻir oqibatli jinoyatga aylanib ketishi mumkinligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.

Faoliyati davomida asosiz xotirjamlikka berilib, bir qator kamchilikka yoʻl qoʻygan 5 nafar sektor rahbarlari hamda 8 nafar masʼul rahbarlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2021-yil 26-martda qabul qilingan “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash borasidagi vazifalar belgilab olindi.

Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ularning masʼuliyati oshirildi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага