Respublika ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida oʻrganish ishlarini boshladi
Hammamizga maʼlumki soʻngi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquqiy va qonuniy manfaatlarini taʼminlash islohotlarning asl mazmun-mohiyatiga aylanmoqda.
Prezidentimiz tomonidan mutasaddi rahbarlarga respublikamizda mavjud ikki yuzdan ortiq shahar-tumanlarining mahallalarida istiqomat qiluvchi aholining barcha sohadagi muammolarini manzilli bartaraf etish, mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu ustuvor vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh hududlarda «mahallabay», «xonadonbay», «fuqarobay», hamda “xavfsiz xonadon” tamoyillari boʻyicha sektor va mutasaddi rahbarlari faoliyatining natijadorligini tahlil qilish maqsadida Qashqadaryo viloyatida oʻrganish ishlarini boshladi.
Oʻrganishlar davomida aholining bandligini taʼminlash orqali huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bois ishchi guruh masʼullari Qarshi shahridagi “Oydin” mahallasida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Monomarkazda 32 ta yoʻnalish -kasbga tayyorlash, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlikni oʻrgatish oʻquv kurslari tashkil etilgan. Ushbu markaz yiliga 2 790 nafar fuqaroni kasbga tayyorlash va oʻqitish imkoniyatiga ega.
Monomarkazda sektor rahbarlari, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining hamkorlikdagi faoliyati tahlil qilinib, taqdimotlar bilan tanishildi.
Shundan soʻng Qarshi shahar «Xontepa» mahallasidagi loyiha qiymati 27 milliard soʻmni tashkil etuvchi, 2 gektar yer maydonida joylashgan, 20 ta loyiha - tekstil va toʻqimachilik, mebel sanoati va kimyo sanoatiga ixtisoslashgan 300 nafar ish oʻrniga ega “Yoshlar kichik sanoat zonasi” loyihasi bilan tanishgan ishchi guruh bu yerdagi ishlarni yanada takomillashtirish, ishchi-xizmatchilarga shart-sharoitlar, qulayliklar yaratishga oid tegishli tavsiya va takliflarni berdi.
Respublika idoralar aro ishchi guruhining viloyatdagi oʻrganishlari doirasida tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
28-iyun kuni amalga oshirilgan kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar davomida 21 ta jinoiy, 32 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlandi, ilgari sodir etilib ochilmasdan qolgan 2 ta jinoyatlar fosh etildi, 8 nafar qidiruvdagi shaxslar qoʻlga olindi.
Maxsus «Avtoreyd» tadbirlari doirasida 834 nafar qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o'tkazildi.
Ishchi guruh oʻz faoliyatini Qashqadaryo viloyatida davom ettirmoqda.
IIV Axborot xizmati