5 May 2022 1085

Respublika ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog'istonda aholi muammolarini “mahallabay” hal etish ishlari boshlandi

Davlat rahbarining topshirig'iga asosan Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov boshchiligidagi respublika idoralar-aro ishchi guruhi Qoraqalpog'iston respublikasining barcha tuman-shaharlari aholisining ijtimoiy-iqtisodiy, sog'liqni saqlash, ta'lim, huquqni muhofaza qilish va boshqa sohalardagi muammolarini manzilli bartaraf etish choralarini ko'rmoqda.

Hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning kelib chiqish omillari ishsizlik va daromad manbai yo'qligi deb oladigan bo'lsak, albatta bu muammolarning echimi «mahallabay» ish uslubini hayotga to'g'ri tatbiq etish hisoblanadi. Shu bois ishchi guruh, sektor rahbarlarining tashabbuskorligi hamda amalga oshirayotgan ishlarining natijadorligini tanqidiy tahlil qilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 15.03.2022 yildagi PQ-167-sonli «Nuroniylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar» to'g'risida qarorida mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish, mahallalarda «Bir nuroniy o'n yoshga mas'ul» tamoyilini qaror toptirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan edi.

Mazkur ustuvor vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida ishchi guruh mas'ullari dast avval Nukus shaharida joylashgan «Qum ovul» mahallasida nuroniy va mehnat faxriylari bilan uchrashdi. Uchrashuvda keksa avlod vakillari bilan dildan suhbat qurildi, ularning muammolari va takliflari tinglandi. Nuroniylar bunday yuksak e'tibor uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildirdilar. Yosh avlodni tarbiyalash, mahallalarda sog'lom muhitni shakllantirish, oila-turmush masallaridagi muammolarni hal etishda faxriylarimizning o'rni beqiyos ekanligi mas'ullar tomonidan alohida e'tirof etildi.

Keyingi manzil Nukus shahridagi «Tele oray» mahallasi bo'ldi. Mazkur mahallada ijtimoiy ahvoli og'ir hududlar infratuzilmasini yaxshilash bo'yicha hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorining hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari hamda sektor rahbarlarining jinoyatchilikni oldini olish borasidagi ishlari o'rganildi. O'rganishlar jarayonida hududda ayollar va yoshlar o'rtasida jinoyat sodir etilishi holatlari ko'payganligi qattiq tanqid ostiga olindi. Yo'l qo'yilgan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish bo'yicha topshiriqlar berildi.

Taxiatosh tumani «Do'stlik» mahallasida esa 5 ta muhim tashabbus doirasida sport, san'at, rassomchilik, hunarmandchilik va boshqa yo'nalishlarda tadbirlar tashkillashtirildi. Ushbu mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorining aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo'yicha amaliyoti o'rganilib, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» ga kiritilgan fuqarolarning doimiy daromad manbaini yaratish maqsadida parranda, quyon, mayda shoxli mollar, inkubatorlar hamda qishloq xo'jalik texnikalari tarqatildi.

Shundan so'ng mas'ullar Taxiatosh tumani «Naymanko'l» OFY da Surxondaryo viloyati hokimligining Taxiatosh tumanidagi ishchi guruhi shtabida tumanning to'rtta sektor rahbarlarining jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash, aholi bandligini ta'minlash va tadbirkorlikka ko'maklashish bo'yicha olib olib borayotgan ishlari o'rganildi.

Shuningdek, tuman IIB xotin-qizlar masalalari bo'yicha katta inspektor Hurzoda Reymqulovaning faoliyatiga doir taqdimot bilan tanishildi. Ma'lum bo'lishicha hozirda Probatsiya hisobida ozodlikdan cheklash jazosini o'tayotgan ernepesova Gulshirinning ijtimoiy moslashuvini ta'minlash bo'yicha bir qancha muammolarga duch kelinayotganligini kuzatildi. Mas'ullar tomonidan o'rganishlar yakuniga qadar mazkur muammolarni bartaraf etish kelishib olindi.

Mazkur shtabda Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan «Ostona gilam» MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Hozirda korxonada «Temir daftar» va «Ayollar daftari» ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 nafar mahalliy ayollarning bandligi ta'minlagan . Bundan tashqari «Naymanko'l» OFY da Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan issiqxonalarda aholi bandligini ta'minlash va doimiy daromad manbaini yaratish bo'yicha bir qancha ishlar amalga oshirilgan.

Bugungi kunda hudud tajribasini yaratish bo'yicha sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari tomonidan tashabbuskorlik talab etilmoqda.

Xo'jayli tumani «Sarishungul» OFY da joylashgan Ijtimoiy shaharchani chin ma'noda «Xo'jayli tajribasi» desak bo'ladi. Mazkur shaharchada 124 ta ehtiyojmand oilaning 360 nafar a'zolari uchun yashash va ishlash sharoitlari hamda doimiy daromad manbai yaratilgan. Shaharchada bolalar bog'chasi, tikuv tsexi, savdo do'konlari, sartaroshxona, dorixona, sport va bolalar maydonchalari tashkil etilgan.

O'rganishlar davomida mahallarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish, yo'llarda xavfsiz harakatlanishni ta'minlash, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida tezkor-profilaktik tadbirlar ham olib borilmoqda. Tadbirlarning birinchi kuni davomida 22 ta jinoiy, 46 ta ma'muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi, 2 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. Kunduzgi va tungi «avtoreyd» tadbirlarida esa 1201 nafar qoidabuzar haydovchilar ma'muriy javobgarlikka tortilib, ular bilan profilaktik suhbatlar o'tkazildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan o'rganish va amaliy yordam ko'rsatish ishlari davom ettirilmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага