25 May 2022 3819

Respublika ishchi guruhi Toshkent viloyatida o‘rganish ishlarini boshladi

Xalq bilan birga bo‘lish, uning muammolariga yechim topish, davlat idoralarini xalq uchun xizmat qilishi, umuman, barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun tamoyili ostida joylarda aholi farovonligi uchun bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi amaliy ishlarni ko‘zdan kechirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, aholi bilan bevosita muloqot qilish hamda hududlardagi kriminogen vaziyatni o‘rganish maqsadida, joriy yilning 24 maydan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islomov, Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov hamda boshqa huquqni muhofaza qilish organlari rahbarligidagi respublika ishchi guruhi Toshkent viloyatida o‘rganish ishlarini boshladi.

Ishchi guruhning birinchi manzili Bekobod tumani 3 sektor hududida joylashgan “Mallaboy” mahalla fuqarolari yig‘iniga bo‘ldi.

Mahallada aholi, shu jumladan nuroniylar va yoshlar bilan suhbat tashkil qilindi. Suhbatda “Mallaboy” mahallasi hududida ijtimoiy himoyaga muhtoj 89 ta oilaga 10 sotixdan ajratilgan yerda poliz ekinlarini yetishtirish orqali daromad manbaini yaratish va o‘zini-o‘zi band qilish tajribasi haqida gapirildi. Ushbu ishlarning amaliy ijrosini ko‘zdan kechirish maqsadida mazkur mahallada yashovchi Zokir Asronqulov hamda Shohista Mahmudova tomonidan tashkil qilingan issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Suhbat davomida har ikki xonadon vakili issiqxona ortidan yirik daromad (yillik – 80 mln. so‘mgacha) ko‘rib, oilasining moliyaviy ahvoli yaxshilanganini maʼlum qildilar va davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlardan minnatdorligini bildirdi.

Qayt etish joizki, “Mallaboy” mahallasi 1928 yilda tashkil topgan bo‘lib, hozirgi kunda 535 ta xonadonda 3 095 nafar aholi istiqomat qiladi. Eʼtiborlisi mazkur xonadonlarning 94 foizi yoki 503 tasida issiqxona tashkil etilgan. Taʼkidlanishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aholi daromadi yuqorilab, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalla hududida umuman jinoyat sodir etilmagan.

Tashrif davomida sektorlar rahbarlarining aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash sohasidagi faoliyatining natijadorligi tahlil qilinib, ish samaradorligini oshirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, ishchi guruhning Bekobod tumani mahallalariga tashrifi davom ettirilib, 3 200 dan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatuvchi, zamonaviy ko‘rinishda qad rostlayotgan “Yoshlik-2” mahalla fuqarolar yig‘ining yangi binosi, mahalla guzari, mahalla huquq-tartibot maskani va xizmat ko‘rsatish obyektlarining qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Jarayonda mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi faoliyati natijadorligi o‘rganilib, aholiga yana-da qulaylik yaratish bo‘yicha masʼullarga zarur topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh Bekobod tumanidagi tashrifi O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalarini bog‘lovchi “Oybek” chegara-bojxona postida fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar va transport logistikasi infratuzilmasi obyektlari bilan ham yaqindan tanishdilar.

Tashrifning navbatdagi manzili Bo‘ka tumanida joylashgan “Bo‘ka-Richland” Xitoy – O‘zbekiston dukkakli mahsulotlarni qayta ishlab eksport qiluvchi qo‘shma korxona hamda “Uz-Teks” tikuvchilik fabrikasi faoliyati bilan tanishildi. Jarayonda xorijiy hamkorlar va tadbirkorlar bilan suhbat uyushtirilib, muhtoj oilalarning 80 nafar aʼzolarining (yoshlar va xotin-qizlar) bandligini taʼminlash orqali doimiy daromad manbaini yaratish amaliyoti o‘rganildi.

Navbatdagi manzil Piskent tumani bo‘lib, ishchi guruh “G‘ayrat” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan, uchinchi sektor tomonidan qo‘llab quvvatlanib tashkil qilingan, katta masshtabdagi qulupnay yetishtirish dalasi faoliyati bilan tanishildi. Jarayonda  57 ta ehtiyojmand oilaning 115 nafar aʼzolariga dehqonchilik qilish uchun ijara asosida ajratilgan 7 gektar yer maydonida o‘zini-o‘zi band qilish tajribasi o‘rganildi va ular faoliyatini yana-da rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Jarayonda tumanning sektorlar faoliyatini yana-da takomillashtirish maqsadida masʼul rahbarlarga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlarga ko‘maklashish va aholi bandligi taʼminlash hamda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага