14 Iyul 2022 1408

Respublika ishchi guruhi Xorazm viloyatida manzilli oʻrganish ishlarni davom ettirmoqda

Avval xabar berganimizdek, joylarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarni natijalari, jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash, fuqarolarning muammolarini «fuqarobay» va «xonadonbay» hal etish amaliyoti hamda sektor rahbarlari faoliyatining natijadorligini tahlil qilish maqsadida Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov hamda Bosh prokuror oʻrinbosari Shuxrat Uzoqovlar boshchiligidagi respublika idoralararo ishchi guruhi Xorazm viloyatining barcha tuman-shaharlarida boʻlib, oʻrganish ishlarini amalga oshirmoqdalar.

Tadbir davomida ishchi guruh viloyatning Gurlan tumani tibbiyot birlashmasi “Qoʻshma jarohatlar boʻlimi” faoliyati bilan tanishdilar.

Shifoxona jahondagi yetakchi firmalar tomonidan ishlab chiqilgan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi alohida eʼtirof etildi. Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi tizimini isloh etish borasida amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar toʻgʻrisida hisobot berdi.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari shifoxonada bir guruh faxriy-nuroniylar bilan uchrashib, tumanda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yuzasidan ularning fikr va mulohazalarini tingladilar.

Ishchi guruh aʼzolarining keyingi manzili Gurlan tumanining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani bilan bogʻlovchi avtomobil yoʻlida joylashgan «Momokoʻpir» muntazam yoʻl patrul xizmati maskani boʻldi.

Mazkur maskanda xizmat olib borayotgan xodimlar bilan boʻlib oʻtgan suhbat jarayonida ularning ishchanlik kayfiyati oʻrganilib, maskanda xodimlar hamda haydovchi va yoʻlovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi.

Jarayonda, Xorazm viloyati IIB JXX YHXB boshligʻi podpolkovnik B.Masharipovning viloyatda joriy yilning 6 oyi davomida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari va kelgusida YTHlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisoboti tinglandi. Ishchi guruh aʼzolari tomonidan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni jalb etish yuzasidan topshiriq va tavsiyalar berildi.

Davlat rahbarining topshiriqlariga koʻra, aholini bandligini taʼminlash, yoshlar uchun qoʻshimcha ish oʻrinlarini uzluksiz yaratib borish bugungi kundagi eng muhim masalalardan biridir.

Shundan kelib chiqqan holda ishchi guruh aʼzolari Gurlan tumanida aholi bandligini taʼminlash borasida olib borilayotgan manzilli chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishish uchun “Gurlan Global Text” korxonasida boʻldilar.

Ayni kunda 1200 nafardan ziyod ishchi-xizmatchi faoliyat koʻrsatib kelayotgan mazkur korxonada tayyorlangan kiyim-kechaklar xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Bu esa korxonaning uzluksiz faoliyat koʻrsatishi va ishchilarning oylik maoshlarini bosqichma-bosqich oshirib borish imkonini bermoqda.

Korxona rahbarlari bilan muloqot jarayonida esa ularning ishlab chiqarish turlari va miqdorini oshirish evaziga qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish borasidagi rejalari maʼqullandi hamda tuman sektor rahbarlariga bu borada zarur amaliy koʻmaklashish toʻgʻrisida topshiriq berildi.

Tashrif soʻngida tumandagi sektorlar rahbarlari ishtirokida hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni jilovlash borasida amalga oshirib kelayotgan ishlari tahlil etildi. Amalga oshirilgan faoliyat tahlilidan kelib chiqib tumanda jinoyatchilikni oldini olish, roʻy berganlarini fosh etish borasida sektor rahbarlari taqdimoti va hisobotini tinglab, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan tavsiya va takliflari berildi.

Ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага