Respublika ishchi guruhining Andijon viloyatidagi oʻrganish ishlari yakunlandi
Maʼlumki, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishi har tomonlama sektorlar faoliyatining natijadorligiga borib taqaladi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan barcha davlat organlari va tashkilotlar zimmasiga huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, mahallarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish, aholining muammolarini manzilli bartaraf etish ishlarini amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangan. Asosiy maqsad esa islohotlarning chekka hududlarga yetib borishi, fuqarolar ijobiy oʻzgarishlarni oʻz kundalik hayotida his etishlarini taʼminlashdir.
Shu kabi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov, respublika harbiy prokurori Shuhrat Uzoqovlar boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi hafta davomida Andijon viloyatining tuman-shaharlarida boʻlib, inson qadri uchun amalga oshirilayotgan islohotlarni natijadorligi manzilli oʻrganildi va tahlil qilindi.
Yakunda Andijon viloyati hokimligi majlislar zalida viloyat hamda tuman-shahar sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlarning boshliqlari hamda boshqa masʼullar ishtirokida tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov tomonidan viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlash ahvoli qoniqarli darajada emasligi qattiq tanqid ostiga olindi. Jumladan, joriy yil boshidan shu kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 50 mingta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 24 foizi ijobiy hal etilgan boʻlsa, qolgan 72 foiziga esa mutasaddilar tomonidan toʻgʻri tushuntirish bilan cheklanilgan xalos.
Viloyatdagi bir qator tuman-shaharlarda rejada belgilanib olingan sayyor qabullar oʻtkazilmaganligi, huquqiy targʻibot ishlarini yetarli darajada tashkil etilmaganligi, yoshlarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etishga qaratilgan ishlarning sust tashkil etilganligi tanqidiy tahlil qilindi. Viloyatda korrupsiya holatiga yoʻl qoʻyib berilishi, uning oldini olishga qaratilgan kechiktirib boʻlmaydigan ishlarning tashkil etilishi qoniqarli deb topilib alohida taʼkidlandi.
Ishchi guruh aʼzolarining oʻrganish natijalariga koʻra fuqarolarning muammolariga yetarli eʼtibor qaratmagan, ularni hal etishga sust munosabatda boʻlgan bir qator tuman-shaharlarning sektor rahbarlari qatʼiy ogohlantirildi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish aholi muammolari bilan ishlashda tizimli ish tashkil etishlari toʻgʻrisida koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Yigʻilish davomida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” farmoni ijrosini viloyatda taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasidagi oʻrganishlari, bu borada rahbarlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar sanab oʻtildi.
Oʻrganish ishlari davomida ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan viloyat boʻylab 76 ta turli jinoyatlar aniqlangani toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar tahlili yuzasidan ham soʻz bordi. Shu oʻrinda joylarda sodir etilayotgan jinoyatlarning muhokama yigʻilishlari talab darajasida tashkil etilmayotganligi, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan ishlar sust tashkil etilganligi tanqidiy muhokama qilindi va yuqoridagi kabi holatlarga yoʻl qoʻygan bir qator shahar-tuman IIB boshliqlariga ogohlantirishlar berildi. Andijon, Oltinkoʻl hamda Buloqboshi tumanlari IIB boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari lavozimidan ozod etildi. Bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygan IIO xodimlariga hayfsan intizomiy jazosi qoʻllanildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 11-fevral kuni yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida transport hodisalarining koʻpiga haydovchilarning yoʻl qoidalarini qasddan mensimasligi va tajribasizligi, piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi ham sabab boʻlayotganligi tanqid ostiga olingan.
Shundan ichki ishlar vaziri tomonidan bu borada Andijon viloyatning koʻcha va jamoat joylarida yoʻl-transport hodisalarini oldini olish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan ishlar ham tanqidiy tahlil qilindi. Joylarda yoʻl transport hodisalarini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni oʻtkazish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar hamda hududlardagi sektorlar rahbarlariga jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda “mahallabay” tamoyili asosida ish olib borish, sodir etilgan har bir jinoyatchilikni joyida muhokama etish, mayda huquqbuzarlik kelgusida ogʻir oqibatli jinoyatga aylanib ketishi mumkinligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.
Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ularning masʼuliyati oshirildi.
IIV Axborot xizmati