4 Avgust 2022 1252

Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi manzilli oʻrganishlari davom etmoqda

Avval xabar berganimizdek, joylarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi keng koʻlamli islohotlarning borishi, bunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni aniqlab bartaraf etish, aholi muammolarini “fuqarobay” va “xonadonbay” hal etish, jinoyat va huquqbuzarliklarni “mahallabay” jilovlash hamda sektor rahbarlari faoliyatining natijadorligini tahlil qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokurorining oʻrinbosari Shuxrat Uzakov hamda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Azizbek Ikramov boshchiligidagi respublika ishchi guruh Buxoro viloyatida oʻrganishlarni davom ettirdi.

Asosiy eʼtibor jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” roʻyxatida turuvchi fuqarolarni kasbga yoʻnaltirish orqali bandligini taʼminlash, ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatish hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar birma-bir koʻzdan kechirildi.

Jumladan, Qorakoʻl tumani davlat soliq inspeksiyasi binosida tuman hokimi tomonidan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi istiqbolli rejalar va innovatsion loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Shuningdek viloyat 4-sektor rahbari, Soliq boshqarmasi boshligʻi tomonidan “Soliqchi — tadbirkorga koʻmakchi” tizimi asosida tashkil etilgan tadbirlar va 4-sektorga qarashli hududlarda “mahallabay” tizim asosida olib borilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi.

Tuman Davlat Xizmatlari Agentligi binosida Adliya boshqarmasi hamda Davlat xizmatlari markazi tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, huquqiy targʻibot va faoliyatni yanada rivojlantirishga doir takliflar koʻrib chiqildi.

Ishchi guruhning navbatdagi manzili Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” Monomarkazi boʻlib, bunda markaz faoliyati yaqindan oʻrganilib, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi, viloyat IIB Probatsiya boʻlimi va viloyat IIB TEQKB masʼul rahbarlarining uzoq muddatga ketganlarni vatanga qaytarish, ularning bandligini taʼminlash, Probatsiya xizmatlarining nazorati ostida turuvchi shaxslarni kasbga oʻqitish va ish bilan taʼminlash borasida amalga oshirayotgan tadbirlari toʻgʻrisida hisoboti eshitildi.

Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi IIV JIED 6-mintaqaviy hudud 4-sonli Tergov hibsxonasida boʻlib, bunda mahkum va mahbuslarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.

Shu bilan birga ishchi guruh viloyat Bojxona boshqarmasida ham boʻlib, ushbu tizimlarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi koʻrsatkichlari hamda mavjud muammolarni ham bir-bir oʻrgandilar.

Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikramov viloyat ichki ishlar hamda tuman mutasaddilari bilan birgalikda Peshku tumanida ham boʻlib, tuman Ichki ishlar boʻlimining yangi binosi va unda xodimlar hamda aholi uchun qulaylik va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Respublika ishchi guruhining oʻrganishlari davom etmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага