Respublika ishchi guruhining jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini oʻrganish natijalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi
Respublika ishchi guruhining IIV huzuridagi JIED 1-mintaqaviy hududning Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini oʻrganish natijalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Ichki ishlar vazirining topshirigʻiga asosan respublika ishchi guruhi Vazirlik huzuridagi JIED 1-mintaqaviy hududiga qarashli Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida oʻrganishlarni olib bordi.
Oʻrganish natijalari boʻyicha joriy yil 12-may kuni Zangiota tumani Bogʻzor mahallasi hududidagi “Sadoqat bogʻi” majlislar zalida respublika ishchi guruhi rahbari, IIV Tashkiliy departamenti axborot-tahlil boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari polkovnik N.Qayumov, Toshkent viloyati IIBB boshligʻining 1-oʻrinbosari polkovnik A.Xudaybergenov, IIV huzuridagi JIED boshligʻining 1-oʻrinbosari podpolkovnik M.Qodirov va JIED boshligʻining oʻrinbosari polkovnik G.Kurambayev, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari polkovnik T. Mustafoyevlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda ishchi guruh aʼzolari, Jazoni ijro etish departamenti, Qorovul qoʻshinlari, Toshkent viloyati va Toshkent shahar IIBB sohaviy xizmat rahbarlari, 1-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi, jazoni ijro etish koloniyalari, manzil-koloniyalari hamda 1-son tergov hibsxonasi shaxsiy tarkibi qatnashdi.
Jazoni ijro etish muassasalaridagi oʻrganishlar davomida tartibotni mustahkamlash, hududiy ichki ishlar organlari, harbiy tuzilmalar va jazoni ijro etish muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik ahvoli, maxsus kontingentga yaratilgan moddiy-maishiy sharoitlar, sohadagi qonunbuzarliklarni oldini olish borasidagi ishlar tahlil qilinib, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, jazoni ijro etish tizimi sohasidagi qonunchilik va tartib-intizomni mustahkamlash, turli noxush holatlarni oldini olish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi. Yigʻilish tanqidiy ruhda oʻtkazildi.
Jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini oʻrganish yakuni yuzasidan chora-tadbirlar belgilash boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.
IIV huzuridagi JIED Axborot xizmati