23 Iyun 2022 1149

Respublika ishchi guruhining keyingi manzili Surxondaryo viloyati bo'ldi

Joylarda inson qadri uchun bajarilayotgan ishlarni, bu borada amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni sektorlar kesimida o'rganish, aholi bilan bevosita muloqot qilish hamda hududlardagi kriminogen vaziyatga baho berish maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islomov va Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida o'rganish ishlarini boshladi.

Xabar berib borayotganimizdek Respublika idoralararo ishchi guruhi davlatimiz rahbarining topshirig'i bilan yurtimizning ikki yuzdan oshiq shahar-tumanlarida bo'lib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni manzilli o'rganish va bartaraf etish choralarini ko'rmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 15.03.2022 yildagi PQ-167-sonli «Nuroniylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar» to'g'risida qarorida mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish, mahallalarda «Bir nuroniy o'n yoshga mas'ul» tamoyilini qaror toptirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan edi.

Mazkur ustuvor vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida ishchi guruh mas'ullari dast avval Termiz tumanidagi «Uchqizil» mahalla fuqarolar yig'inida joylashgan «Termiz marvaridi» dam olish maskanida nuroniy va mehnat faxriylari bilan uchrashdi. Uchrashuvda keksa avlod vakillari bilan dildan suhbat qurildi, ularning muammolari va takliflari tinglandi.

Nuroniylar bunday yuksak e'tibor uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildirdilar. Yosh avlodni tarbiyalash, mahallalarda sog'lom muhitni shakllantirish, oila-turmush masalalaridagi muammolarni hal etishda faxriylarimizning o'rni beqiyos ekanligi Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov tomonidan alohida e'tirof etildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligini ta'minlash va ulardan nuroniylarni doimiy xabardor qilib borish bo'yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Mahalla va nuroniylarni qo'llab quvvatlash tashkilotlariga IT mutaxassis va matbuot kotibi lavozimlarini joriy etish bo'yicha Orziqul Soatov o'z takliflarini bildirdi. Shu bilan birgalikda yig'ilgan 30ga yaqin nuroniylarning fikr mulohazalari eshitilib, ularga esdalik sovg'alari ulashildi.

Viloyatda umumiy jinoyatlar soni kamaygan bo'lsada, og'ir turdagi jinoyatlar salmog'i oshganligi ishchi guruh mas'ullarining e'tiroziga sabab bo'ldi.

Shu bois tuman sektor rahbarlarining jinoyatchilikni barvaqt oldini olishda hudud tajribasini yaratish bo'yicha amalga oshirayotgan ishlarining natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, Surxondaryo viloyati o'tgan yili jinoyatchilik ko'rsatgichi bo'yicha oxirgi o'rinda turgan bo'lsa, bu yil ikki o'rin yuqorilaganligini Ichki ishlar vaziri ta'kidlab o'tdi.

O'rganishlar davomida mahallarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish, yo'llarda xavfsiz harakatlanishni ta'minlash, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida tezkor-profilaktik tadbirlar ham olib borilmoqda. Tadbirlarning birinchi kuni davomida 19 ta jinoiy, 42 ta ma'muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi, ilgari jinoyat sodir etib hozirda qidiruvda bo'lgan 5 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, ochilmasdan qolgan 1 jinoyat fosh etildi.

Kunduzgi va tungi «avtoreyd» tadbirlarida esa 659 nafar qoidabuzar haydovchilar ma'muriy javobgarlikka tortilib, ular bilan profilaktik suhbatlar o'tkazildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan o'rganish va amaliy yordam ko'rsatish ishlari davom etmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага