29 Iyul 2022 1899

Respublika ishchi guruhining Sirdaryo viloyatidagi oʻrganishlarining ikkinchi kuni

Xabar berib borayotganimizdek Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan Sirdaryo viloyatida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, tuman va shahar sektorlar faoliyati natijadorligi, davlat dasturlarining bajarilishini taʼminlash, shuningdek viloyatda savdo-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy, taʼlim, sogʻliqni saqlash yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Bosh prokuror oʻrinbosari general-mayor Shuhrat Uzoqov hamda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikramovlar boshchiligidagi Respublika idoralararo ishchi guruhi Sirdaryo viloyatidagi oʻrganishlarini davom ettirmoqda.

Oʻrganishlarning ikkinchi kunida Respublika ishchi guruhi aʼzolarining ilk manzili Guliston tumanida joylashgan Yoshlar ishlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boʻldi. Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega, yoshlarning innovatsion taʼlim olishi uchun shart-sharoitlar yaratilgan mazkur binoni koʻzdan kechirgan mutasaddilar fuqarolar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda viloyatimizda istiqomat qiluvchi keksa nuroniylar, xotin-qizlar , yoshlar hamda turli millat va elat vakillari jumladan , qirgʻiz ,tojik, turkman, rus, koreys, qozoq millatiga mansub fuqarolar ishtirok etdi.Tadbirda davlatimiz rahbari boshchiligida 140 dan ortiq millatlar ahil-inoq, yagona bir xalq boʻlib tinchlik totuvlikda yashab kelayotgan mamlakatimizda olib borilayotgan savdo-iqtisodiy, qurilish, taʼlim ,xalqaro aloqalar hamda yoshlar yoʻnalishlardagi ulkan islohotlar haqida soʻz bordi. Shundan soʻng ishchi guruhi aʼzolari viloyat hududida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun subsidiya va kreditlar ajratilishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlili boʻyicha Yoshlar ishlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi hamda Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻining Sirdaryo viloyatida “xavfsiz mahalla” tamoyili asosida tashkil etilayotgan profilaktik chora tadbirlar yuzasidan axborotlarini tinglashdi.

Ishchi guruhi aʼzolari Davlatimiz rahbarining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan adliya tizimidagi yangiliklar bilan yaqindan tanishish maqsadida Boyovut tumanida yangi bunyod etilgan Adliya boʻlimi binosiga tashrif buyurdi hamda adliya, Davlat xizmatlari va yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyati va boʻlimda fuqarolarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishishdi.

Shu bilan birga ishchi guruhi markazda Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan viloyat hududida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat koʻrsatish sohasidagi amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi.

Ishchi guruhning navbatdagi manzili viloyatning eng chekka hududlaridan biri boʻlgan Shirin shahri boʻldi. Bu yerda mutasaddilar qayta taʼmirdan chiqqan shahar prokuraturasida boʻlib xodimlarga yaratib berilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Ishchi guruhi tomonidan hududda 2-sektor rahbari tashabbusi bilan “Temir”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarida turuvchi fuqarolarga koʻrsatilayotgan yordam raqamlar misolida tahlil etildi.

Soʻng Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasida boʻlgan ishchi guruh oʻrganishlari davomida yongʻin qutqaruv otryadidagi mavjud zamonaviy jihozlar barcha texnika hamda kuch vositalar jangovar shayligi amalda sinab koʻrildi.

Respublika idoralararo ishchi guruhning soʻnggi manzili Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi boʻldi. Bu yerda viloyati Bojxona boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi hamda erishilgan koʻrsatkichlar tahlil qilindi. Eksport va import bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, kontrabandaga qarshi kurashish , sohada axborot texnologiyalarining joriy etilishi yuzasidan taqdimotlar namoyish etildi.

Ishchi guruhning viloyatdagi oʻrganish ishlari davom etmoqda.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага