10 Noyabr 2021 3980

Ruhi ravshan odam

Surxondaryo viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi komandiri, podpolkovnik Shodibek Joʻrayev, 20 yildirki, shu zamin, shu tuproqning osuda tunlari uchun halovatidan kechgan inson. 

Bu yillar orasida qancha chigʻiriqlardan oʻtishiga qaramay, u hamon safdoshlari bilan bir safda turib, oʻz burchini sidqi-dildan ado etmoqda.

2000-yili muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan Shodibek endigina 20 yoshni qarshilaganida, uni Sariosiyo tumanining togʻli hududida boʻlgan janggohga olib ketishadi. Vatanimiz sarhadlarini buzib kirishga uringan gʻalamislar bilan ayovsiz kechgan janglarda mardonavor qatnashadi.

Qahramonimiz keyingi xizmat faoliyatini ichki ishlar organlaridagi turli vazifalarda oʻtadi. Dastlabki faoliyatini profilaktika inspektorligidan boshlab, oʻshandayoq qidiruvda boʻlgan shaxslarni koʻlga olishda, giyohvandlik bilan bogʻliq koʻplab jinoyatlarning ochilishida faollik koʻrsatdi.

Shodibek Joʻrayev tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadida ham viloyat hududida uyushgan jinoyatchilikning oldini olish, odam savdosi, giyohvandlik bilan shugʻullangan shaxslarni qoʻlga olish, davlat chegaralarini buzib kirgan shaxslarni ushlab, zararsizlantirishda safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelmoqda.

Shodibek Joʻrayev kasb bayrami munosabati bilan “Shon-sharaf” ordeniga munosib koʻrildi.

Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan “Shon-sharaf” ordeni berilganini eshitib, hayajonlandim, - deydi qahramonimiz. - Har kimga ham nasib etmaydigan bunday eʼtirofga loyiq koʻrilishning oʻzi bir baxt aslida. 

Demakki, umrimni behudaga sarflamabman va toʻgʻri yoʻldaman... Xizmatimni yuksak darajada baholagan Prezidentimiz, hukumatimiz va Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.

Feruza Rahmonqulova, “Postda” muxbiri. Surxondaryo viloyati.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага