5 Iyul 2021 6007

Samarqand viloyatida «Smart mahalla» axborot dasturi ishga tushdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 mart kunidagi “Jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6196-son Farmoni 3-bandiga asosan Ichki ishlar vazirligiga “Smart mahalla” mobil axborot tizimini yaratish vazifasi yuklatilgan.

“Smart mahalla” mobil axborot tizimi doirasida fuqarolarga masofadan turib elektron xizmatlarni ko'rsatish nazarda tutilgan.

Yuqorida qayd etilgan Farmon talablari ijrosini ta'minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Smart mahalla” mobil axborot tizimining biznes jarayonlari, algoritmlari hamda dasturlari ishlab chiqilib, Samarqand va Toshkent viloyatlarining sektor shtablari, mahalla idoralari, huquq-tartibot maskanlari
va aholi demografiyasi haqidagi ma'lumotlar bazalari shakllantirildi.

Shu bilan birga, ma'lumotlar aktualligini ta'minlash maqsadida “Smart mahalla” mobil axborot tizimi Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, shuningdek Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda Davlat kadastrlari palatasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.

Fuqaro (foydalanuvchi) o'zi istiqomat qiluvchi mahalla kesimida “Smart mahalla” mobil axborot tizimida ro'yxatdan o'tganidan so'ng, unga tizimning quyidagi funktsiyalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi:

Jumladan,

“Mening mahallam” menyusida mahalla raisi, mahalla demografik ma'lumotlari va biriktirilgan sektor rahbari, shuningdek mahalla idorasi va sektor shtabining geojoylashuvi haqidagi ma'lumotlarni olish, sektor faoliyatiga baho berish;

“Mening inspektorim” menyusida mahalla profilaktika inspektori haqidagi asosiy ma'lumotlarni va huquq-tartibot maskanining geojoylashuvi to'g'risidagi ma'lumotlarni olish, shuningdek profilaktika inspektoriga baho berish;

“Hudud geo-xaritasi” menyusida sodir e'tilgan yo'l-transport hodisalari, ma'muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqidagi ma'lumotlarni hududlar kesimida, davr oralig'ida kuzatish;

“Davlat organlariga murojaat” menyusidagi havolalar orqali davlat organlarining saytlarini yuklab, zaruriy axborotlar bilan tanishish va ushbu organlarga o'rnatilgan tartibda murojaat yo'llash;

“Qidiruvdagi va bedarak yo'qolgan shaxslar” menyusida huquq-tartibot organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qidiruv e'lon qilingan va bedarak yo'qolgan deb topilgan shaxslar haqidagi so'nggi ma'lumotlarni ko'rish;

“Sektorga murojaat” menyusi orqali sektor tomonidan ko'rib chiqishga vakolat berilgan masalalar yuzasidan murojaat yuborish hamda ko'rib chiqish natijasini kuzatib borish;

“Bolani masofadan nazorat qilish” menyusida ota-onalarga ta'lim muassasalarining turniket, GPS-treker va kuzatuv kameralari tizimlariga ulangan holda farzandlarini nazorat qilib borish;

“Mening hujjatlarim” menyusida foydalanuvchiga tegishli shaxsni tasdiqlovchi (mashinada o'qitiluvchi maydon hamda NFC qurilmaga ega hujjatlar) va boshqa hujjatlarni (ID-karta, manzil varaqasi, pasport nusxasi, haydovchilik guvohnomasi, sug'urta polisi va boshqalar) Ichki ishlar vazirligining tegishli ma'lumotlar bazalariga murojaat qilgan holda olish, ularni dasturning serverdagi xotirasida saqlash, turli qurilmalar orqali ro'yxatdan o'tib yuklash hamda davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida real vaqt davomida taqdim etish;

“SOS” menyusi “101”, “102”, “103”, “104”, “1050” va “1173” qisqa raqamlariga shoshilinch xabar yo'llash, shuningdek “102” tizimi orqali murojaat ijrosi doirasida jalb etilgan kuch-vositalarni joylashuvi va hodisa joyiga qarab harakatlanishini real vaqt davomida kuzatib borish.

“Smart mahalla” mobil ilovasining ishlash printsipi ochiqlik siyosatini yuritishga, fuqarolarning tegishli davlat organlariga murojaat qilishlaridagi jarayonlarni maksimal tarzda avtomatlashtirishga qaratilgan.

“Smart mahalla” mobil ilovasi aholiga sektorlarga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko'rib chiqish jarayonini kuzatib borish, mahalla raislari, sektor rahbarlari va profilaktika inspektorlari bilan o'zaro tezkor muloqotni yo'lga qo'yish, sektor rahbarlari
va profilaktika inspektorlari faoliyatiga baho berish kabi imkoniyatlar bilan bir qatorda, davlat idoralarining ochiq ma'lumotlar resurslaridan tezkorlik bilan foydalanishda qulayliklar yaratadi.

“Smart mahalla” axborot dasturini dastlabki versiyasini ishlab chiqish moliyaviy harajatlarsiz, Ichki ishlar vazirligining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirildi.

Farmonda “Smart mahalla” axborot dasturini 2021 yil 1 iyunga qadar Toshkent va Samarqand viloyatlarida sinov rejimida, joriy yil yakuniga qadar esa respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish belgilangan.

Hozirda “Smart mahalla” axborot dasturining boshlang'ich versiyasi tayyorlanib, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov ta'riqasida joriy etildi.

Izoh: bugungi kunga qadar davlat organlariga, shu jumladan ichki ishlar organlariga mobil ilova orqali murojaat qilish va organ xodimlari faoliyatini baholash, shu bilan bir qatorda
yo'l-transport hodisalari, ma'muriy huquqbuzarliklar, jinoyatlar, qidiruvdagi va bedarak yo'qolgan shaxslar xaqida real vaqt davomiyligida ma'lumotga ega bo'lish imkoniyati mavjud bo'lmagan.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага