29 Yanvar 2023 441

Sarxushlikning ayanchli oqibati

Muborak tumani “Qoraqum” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 6-oʻrta umumtaʼlim maktabida bir jinoyat muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, tuman Ichki ishlar boʻlimi rahbar xodimlari, mahalla faollari, profilaktika inspektorlari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Muhokama yigʻilishi avvalida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Jasurbek Otayev soʻzga chiqib, ogʻir tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, uning sodir etilishiga imkon yaratib bergan omillarni atroflicha tahlil etdi.

Maʼlum boʻlishicha, tumandagi gʻisht zavodida yollanma ishchi boʻlib ishlagan toʻrt nafar fuqaro ovqatlanish uchun “Qoraqum” mahallasida joylashgan choyxonaga kelib, spirtli ichimlik isteʼmol qiladi.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay, ulardan biri va choyxona egasi oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqadi. Sarmast xoʻranda derazani urib sindirgach esa, choyxona egasi ham jahl otiga minadi hamda unga ogʻir tan jarohati yetkazadi. Oqibatda xoʻranda dunyodan koʻz yumadi.

Ichkilikbozlik hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Aksincha, ogʻir va ayanchli oqibatlar bilan nihoya topgan. Bu gal ham, afsuski, shunday boʻldi.

Jinoyat muhokamasida ichkilikbozlik deyilmish illat qattiq qoralandi. Shu bilan birga, mahalla fuqarolar yigʻini mutasaddilari hamda hududga biriktirilgan profilaktika inspektorining faoliyati tanqid qilindi.

Bu boradagi profilaktik ishlarni jonlantirish, kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Sodiq Rahimov, “Postda” muxbiri.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага