21 Yanvar 2023 540

Sayyor sudda uchta jinoyat ishi ko‘rildi

IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tgan sayyor sud jarayonida jinoiy qilmishlarni sodir etgan shaxslarning xatti-harakatiga huquqiy baho berildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor, Sergeli va Yangihayot tumanlari sudi tomonidan o‘tkazilgan majlisda firibgarlik, bezorilik, voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish, shuningdek o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlariga qo‘l urgan kimsalarning qilmishi muhokama qilindi. Tomonlarning daʼvolari tinglangach, aybdorlarga tegishli hukm o‘qildi.

Shundan so‘ng soha vakillari tomonidan sud-huquq tizimidagi yangilanishlar, xususan, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odil sudlov sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

– Sayyor sud majlislarining foydali jihatlari ko‘p, – deydi Akademiyaning 3-bosqich kursanti Muhammadmirzoxon Aʼloxonov. – Xususan, ayblov xulosasi bilan yuborilgan ishlarning sud jarayonida surishtiruv va dastlabki tergov bosqichining ahamiyati, protsessual harakatlarni amalga oshirishda qonun talablariga rioya etish yuzasidan zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lamiz. Bu ham nazariy bilimlarni amaliyotda oqilona qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.

Ochiq muloqotda “tergov faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida taʼlim olayotgan kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага