21 May 2022 224

Sirdaryo viloyat 3-sektor rahbarining hududlar boʻylab sayyor qabullari davom etmoqda

Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari Oqoltin tumani “Toshkent” mahallasi hududida aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri manzilli muloqotini oʻtkazdi. Maqsad murojaatlarni joyida oʻrganish va ularni hal etishdan iborat boʻldi. Uchrashuv davomida fuqarolar yuzaga kelayotgan bir qator ijtimoiy va shaxsiy masalalarda viloyat 3-sektor rahbariga yuzlanishdi. Jumladan sayyor qabul davomida aholidan ichimlik suv minorasini taʼmirlash , bolalar sportini rivojlantirish uchun “street work out” sport maydonchasini qurish hamda ichki yoʻllarga tosh shagʻal toʻkish masalalarida amaliy koʻmak soʻraldi. Shu bilan birga tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish va oʻz-oʻzini band qilish maqsadida subsidiya ajratilishi masalasida ham murojaatlar kelib tushdi.

Qabul davomida jami 30 nafardan ortiq fuqarolar qatnashgan boʻlsa, ulardan 16 nafari turli masalalarda murojaat qilishdi. Kelib tushgan murojaatlarning 5 tasi shu yerning oʻzida ijobiy hal etilgan boʻlsa, ijrosi vaqt talab qilgan murojaatlar nazoratga olinib, tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlariga ijobiy hal qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.Shuningdek viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi jarayonlar davomida mahallabay oʻrganishlarni olib borib, bir qator fuqarolarning yashash sharoitlari va ularni qiynab kelayotgan muammolari bilan yaqindan tanishdi.Viloyat 3-sektori rahbarining tashabbusi bilan 10 ga yaqin tibbiy koʻrikka muhtoj fuqarolarga malakali mutaxassislar tomonidan sifatli xizmat koʻrsatilib zarur dori-darmonlar ulashildi.

Boshqarma boshligʻining topshirigʻiga asosan Oqoltin tumani “Yangi hayot” MFY, Matonat koʻchasi, 14/2-uyda yashovchi Jalilova Zumradxon Joʻrayevnaning murojaati yuzasidan uning xonadoniga malakali tibbiyot mutaxassislari bilan birga tashrif buyurilib 1-guruh nogironi boʻlgan qizi Nurmatova Vasilaxonni holidan xabar olinib unga tibbiy yordam koʻrsatildi hamda viloyat tibbiyot muassasalariga borib davolanishi uchun yoʻllanma berildi. Fuqaro Zumradxon Jalilovaning oilasiga bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi.

Inson qadrini ulugʻlashdek ezgu maqsadlarni koʻzlagan bunday uchrashuvlar va oʻrganishlar viloyat 3-sektori rahbari tomonidan barcha hududlarda uzluksiz ravishda oʻtkazilmoqda.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага