3 Avgust 2022 940

Soha rivoji malakali kadrlarga bog‘liq

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ichki ishlar tizimini takomillashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, soha mutaxassislarining salohiyatini muttasil oshirib borishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Xususan, Ichki ishlar vazirligi  Malaka oshirish institutida navbatdagi tashkil etilgan safdorlar va serjantlar tarkibidan ofitserlik lavozimlariga tayinlash uchun qayta tayyorlash o‘quv kurslarida 30 nafardan ziyod tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlanmoqda.

O‘quv kurslarda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun respublika davlat boshqaruvi va huquq-tartibot organlari, davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, boy amaliy tajriba va yuqori malakaga ega ilmiy-pedagogik xodimlar hamda mutaxassislar, shuningdek, Vazirlikning tegishli sohaviy xizmatlari xodimlari ham jalb etilmoqda.

Tinglovchilarga joydagi ichki ishlar organlarida xizmatni to‘g‘ri tashkil qilishlari uchun tizimdagi islohotlar, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jinoyatlarni oldini olish va fosh etish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berilmoqda.

“Yangi O‘zbekiston strategiyasi demokratik islohotlar asosi”, “Mamlakatda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va adolatli ijtimoiy siyosatni yuritish”, “O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati”, “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi Konsepsiyasi”, “Maʼmuriy huquqbuzarlik va maʼmuriy javobgarlik. Maʼmuriy jazo choralari”, “Korrupsiya – ichki maʼnaviy tahdid”, «2022-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish Strategiyasi”, “IIOlari faoliyatiga zamonaviy axborot – kommunikatsiya  texnologiyalarini joriy etishning o‘ziga xos jihatlari” mavzusidagi maʼruzalarda tinglovchilar uchun foydali bo‘lgan maʼlumotlar berilmoqda.

Shuningdek, o‘q otish tayyorgarligi kursi va uning vazifalari, qurol qo‘llashning huquqiy asoslari, maxsus vositalarni qo‘llash tartibi, turlari, taktik-texnik tavsifi interfaol usullarda tushuntirilmoqda. Jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari amaliy tarzda olib borilmoqda.

O‘ylaymizki, xodimlarning olgan bilimlari kelgusida xizmat faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishda asosiy omil bo‘ladi.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага