Soxta akkaunt, soxta rahbar, soxta yordam, javobgarlik esa haqiqiy
Olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida noma'lum shaxs O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev nomidan “Facebook” ijtimoiy tarmog'ida elektron manzili bo'lgan soxta profil` ochgan holda fuqarolar bilan muloqotga kirishganligi, muloqot jarayonida o'zini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari deb tanishtirib, foydalanuvchilar bilan yozishmalar olib borganligi, tarmoq foydalanuvchilariga turli masalalarda ayniqsa uy-joy va bank kreditlari ajratish bo'yicha amaliy yordam ko'rsatilishini va'da qilib, aldab fuqarolardan 50 ming so'mdan 1,5 mln. so'mgacha bo'lgan pul mablag'larini bank plastik kartasiga tushirgan holda o'zlashtirib, firibgarlik yo'li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Olingan tezkor ma'lumotlar natijasida, 2021 yil 5 fevral` kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududida tezkor-texnik qidiruv tadbirlari o'tkazilib, ushbu noqonuniy harakatlarni Chirchiq shahar 3-kichik tumanida vaqtincha yashovchi 1982 y.t., M.M. sodir etganligi aniqlanib, telefon qurilmasi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Fuqaro M.M. ga nisbatan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo'limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV Tezkor – qidiruv hamkorligi boshqarmasi