5 Noyabr 2021 3977

Sulola, Bobolarning ishi etadi davom

Inson hayotda uzoq yashashi bilan emas, balki umri davomida amalga oshirgan ezgu ishlari ila hurmat-eʼtibor topadi. Hayotini savobli ishlarga bagʻishlagan kishi uning sinovlarini mardonavor yengib, tanlagan kasbida oʻziga xos tajriba maktabini ham yaratadi.

Gʻulom Ikromov oʻn toʻqqiz yoshida harbiy xizmatga chaqirilganda Ikkinchi jahon urushi boshlanadi. Ota-onasi ikki marta qora xat oladi. Ammo oʻlimlarni dogʻda qoldirgan yurtdoshimiz 1946-yilda ona shahriga qaytadi. Dastlab Qarshi yogʻ-moy zavodida mehnat qiladi. 1960-yilda ichki ishlar organlarida kadrlarga boʻlgan talab tufayli Qarshi shahar IIB JQB qidiruv boʻlimi inspektori lavozimiga ishga qabul qilinadi.

Yillar oʻtib, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashda oʻziga xos tajriba toʻplagan katta leytenant Gʻulom Ikromov hamkasblariga namuna boʻldi.

Gʻulom ota va Muzayyam aya oilasida oʻn nafar oʻgʻil-qiz voyaga yetdi. Ular orasida Nizomiddin ota kasbiga havas bilan ulgʻaydi. Harbiy xizmatdan qaytgach, ichki ishlar organlaridagi ilk faoliyatini Navbatchilik qismi navbatchi yordamchisi vazifasida boshladi.

Jamoat tartibini saqlash tizimida ishlab, tajriba va malakasini oshirdi. Keyingi yillarda viloyat IIB Jinoyatlarning oldini olish boʻlimi boshligʻi, viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qildi.

Halollikni oʻziga shior bilib, Vatan tinchligi uchun xizmat qilgan Nizomiddin Gʻulomov 32 yildan ortiq ichki ishlar organlarida faoliyat koʻrsatib, 2002-yilda izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi.

— Yosh xodimlarga ustozlar maslahati, koʻmagi juda zarur boʻladi, — deydi isteʼfodagi polkovnik Nizomiddin Gʻulomov. — Sohaga ishga kirgan paytlarim menga oʻgit va maslahat bergan, ish oʻrgatgan ustozlarim — isteʼfodagi polkovniklar Niyozmurod Roʻzimurodov, Komil Qurbonov, Ergash Kenjayevlar hech yodimdan chiqmaydi. Qachonki, murakkab vaziyatga tushib qolsam, darrov ustozlarimdan maslahat soʻrardim. Ular aytgan tavsiyalar boʻyicha ish qilsam, vaziyat iziga tushib, ishim yurishib ketardi. Shu bois bugun yosh xodimlar bilan gaplashsam, ularga biror ishni boshlashdan oldin oʻzboshimchalik qilmasdan, tajribali xodimlardan maslahat soʻrash kerakligini uqtiraman.

Keyinchalik Nizomiddin Gʻulomov viloyat IIB Faxriylar kengashi raisining oʻrinbosari vazifasiga tayinlandi. Faxriy bugun sohada murabbiylik harakati keng quloch yoyishiga katta hissa qoʻshmoqda. Koʻplab xodimlar, shogirdlari undan maslahat soʻrashadi. U esa kamtarlik va samimiyat bilan oʻz tajribalaridan kelib chiqib tavsiyalarini beradi,toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Bu, albatta, yosh xodimlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir.

Qahramonimiz masʼuliyatli sohada ishlab, katta obroʻ-eʼtibor toʻplash barobarida mustahkam oila ham barpo etdi. Turmush oʻrtogʻi Tamara aya bilan ahillik va hamjihatlikda 6 nafar farzandni yaxshi inson qilib tarbiyalashdi.

Donishmanddan “Eng baxtli inson kim?”, deb soʻrashganida, «Oʻzi sevgan kasbda ishlaydigan va baxtli oila qura olgan kishi eng baxtli odamdir», deb javob bergan ekan.

Bu oilada ichki ishlar organlarida ishlagan Gʻulom boboning ishini yana bir oʻgʻli Shahzod Ikromov, soʻngra Nizomiddin akaning farzandlari Rustam va Ulugʻbek Gʻulomovlar davom ettirishdi. Ular ham hozir nafaqada. Nevarasi Alibek Sunnatov esa hozirda Milliy gvardiya Qoʻriqlash boshqarmasida xizmat qilyapti. Hali bu oiladan osoyishtalikni asrashga kamarbasta boʻladigan koʻplab ichki ishlar organlari xodimlari yetishib chiqishiga ishonamiz.

Sodiq RAHIMOV, “Postda” muxbiri.
Qashqadaryo viloyati.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага