25 Sentabr 2022 685

Surxondaryoda “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida IIV faxriysi, isteʼfodagi general-mayor T.S.Murodxodjayev ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi

Halollik kishini ulug‘laydi. Ushbu iborani hayoti mazmuni, har ishning debochasiga aylantirgan IIV faxriysi, qator yillar tizimdagi masʼuliyatli lavozimlarda xizmat qilgan isteʼfodagi general-mayor Telman Murodxodjayev, IIV tomonidan 10 sentyabrdan 10 oktyabrgacha eʼlon qilingan “Kasbiy tayyorgarlik” oyligi munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi”ga taklif etildi.

Dastavval faxriy mehmon Surxondaryo viloyatidagi IIO larida xizmat qilayotgan xodimlar, faxriylar va IIV Surxondaryo akademik litseyi o‘quvchilari bilan uchrashish uchun Termizga yetib keldi. Faoliyati davomida 15 yildan oldinroq jazoni ijro etish xizmatida ishlagan general-mayor birinchi bo‘lib, IIV Surxondaryo akademik litseyida kutib olindi. Bu yerda general mayor yurtimiz va xalqaro miqyosidagi olimpiadalarda shuningdek, xalqaro sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan yoshlar bilan uchrashib, ularning erishgan yutuqlaridan mamnun bo‘ldi. Yoshlarga yuzlanib, yoshlik g‘animat davr ekanini, bunda tinimsiz mehnat qilish, o‘qib-izlanish lozimligini taʼkidladi.

Telman Murodxodjayev dars mashg‘ulotlarida ham ishtirok etib, o‘quvchilarga kerakli tavsiyalarini berib o‘tdi.

Shundan so‘ng mehmon shahardagi 9 son tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, mahbuslar va ichki ishlar organlari xodimlari bilan uchrashib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Termizdagi muhtasham Sanʼat saroyi bugun IIO xodimlarini o‘z bag‘riga oldi. Sohaning chin maʼnodagi ensiklopediyasi bo‘lgan general mayor bilan uchrashgan xodimlarning quvonchi, his hayajonining cheki yo‘q.

Uchrashuvni viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Abduvohid Ismoilov ochib, ustoz Telman Murodxodjayevning bosib o‘tgan sharafli yo‘li haqida qisqacha maʼlumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng xodimlar general mayorning faoliyatiga bag‘ishlangan “Osoyishtalik ortidagi tikanli yo‘l” nomli filmni maroq bilan tomosha qilishdi. Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda faxriy ustoz IIV akademiyasini o‘tgan yilda bitirib 1 yillik xizmat faoliyatiga ega yosh xodimlar bilan erishilgan natijalar, bildirilgan ishonch va kelgusi faoliyatga oid alohida tavsiyalarini aytib, bu boradagi savollarga javob berib o‘tdi. “Halol va adolatli bo‘lish, muvaffaqiyat kaliti. Tizimni obro‘sizlantiradigan har qanday ishdan yiroq bo‘lmas ekansiz, maqsadingizga erisha olmaysiz!”- deya, ko‘pdan ko‘p o‘gitlarini bergan ustoz, tinglovchilarning Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishdek oliy maqsadlariga yana bir karra qanot bo‘ldi,- deyish mumkin.

Uchrashuv so‘ngida xizmat va o‘qish mobaynida yuqori natijalarga erishganlar isteʼfodagi general-mayor T.Murodxodjayev qo‘lidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alarni qabul qilishdi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага