17 Iyun 2022 1043

Surxondaryoda “Sayyohlar xavfsizligini taʼminlashda oʻzaro hamkorlik” mavzusida Matbuot anjumani tashkil etildi

Joriy yilning 15-iyun kuni Termiz shahridagi “Matbuot uyi”da turizm faoliyatiga aloqador tashkilotlar, viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi, mehmonxonalar, turistik firmalar, jurnalist va blogerlar ishtirokida viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tomonidan 2022-yil 5 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlari va kelgusida hamkorlikda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Oʻtkazilgan matbuot anjumanida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-mart kunidagi “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4229-sonli Qaroriga asosan, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tarkibida tashkil etilgan, Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tomonidan joriy yil 5 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Dastavval Surxondaryo viloyatidagi 101 ta turistik infratuzilma obyektlari haqida alohida toʻxtalib, shundan Islom ziyoratgohlari 31 ta, buddizm yodgorliklari 7 ta, arxeologiya va tarixiy meʼmoriy yodgorliklar 29 ta, tabiat zonalari 15 ta, Eko-gastro turizm zonasi 1 ta, madaniy koʻngilochar maskanlar 12 ta va tabobat zonalari 4 ta va boshqa turizm namoyishi obyekti 2 tasi faoliyat olib borishlari taʼkidlandi.

Shuningdek viloyat hududidagi turizm namoyishi obyektlarida 4 ta “Tourist police” koʻchma maʼlumotlar markazi yaʼni budkalar oʻrnatilgan, bular Termiz shahridagi Sanʼat saroyi, Arxeologiya muzeyi, Termiz tumanidagi “Al Hakim At-Termiziy” va Sherobod tumanidagi “Abu Iso Muhammad Imom At-Termiziy” majmualarida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi masʼul xodimlari ajratilgan boʻlib, doimiy ravishda xizmat olib borishadi.

2022-yilning 5 oyi mobaynida Surxondaryo viloyatiga jami 73 ta xorijiy mamlakatlardan 4539 nafar chet el fuqarolari hamda 27594 nafar mahalliy turistlar tashrif buyurgan. Tashrif buyurgan turistlarning hisobi esa albatta “E-mehmon” elektron tizimi orqali roʻyxatdan oʻtkazilganlari nazarda tutilgan.

Shu davr mobaynida mahalliy sayyohlarga nisbatan yoki ular tomonidan jinoiy va maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmaganligi, qolaversa mahalliy turistlar bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar qayd etilmaganligi alohida taʼkidlandi.

Tashrif obyektlarida xizmat olib borayotgan Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlariga turli masalalarda yordam soʻrab 1017 nafar xorijlik va mahalliy turistlar tomonidan murojaatlar qilingan boʻlib, ularning barchasiga zaruriy yordamlar koʻrsatilgan.

Shuningdek, 2022-yilning 5 oyi davomida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tezkor boʻlinmasi xodimlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar xususida ham soʻz yuritildi.

“Matbuot anjumani” davomida, jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga masʼullar tomonidan javoblar olishdi.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага