21 Noyabr 2022 404

Tantiqlikning intihosi

Sadir (ism-shariflar oʻzgartirildi) oʻziga toʻq oilada katta boʻldi. Otasining kichik doʻkoni boʻlib, xaridorlarning keti uzilmasdi. Shunga yarasha, daromadi ham yomon emasdi.

Ota-onasi uni haddan ortiq erkalatib yuborishdi. Ogʻzidan chiqqanini muhayyo qilishardi. Shunday boʻlganidan keyin kim ham taltaymaydi. Boshida fanlarni oʻzlashtirishi yaxshi edi. Lekin hisob-kitobni bilib olgach, doʻkon ishiga jalb qilgan ota-onasi uning oʻqishi bilan qiziqmay qoʻyishdi. “Axir savdo-sotiqni oʻrganib oldi – boʻldida”, deyishdi.

Tengdoshlari maktabni bitirib, katta orzular bilan oliy oʻquv yurtlariga yoʻl olishganida, avvaliga ularga biroz havasi keldi. Keyin esa «E-e-e, yana oʻqishmi? Ota-onam bor, pulim bor – nima gʻamim bor?» deb oʻziga taskin berdi. Koʻchadan orttirgan oshna-ogʻaynilari bilan maishat qilib yuraverdi. Ammo bu dunyoda hech kimni bogʻlab qoʻymagan ekan. Otasi toʻsatdan ogʻir xastalikka chalinib, vafot etdi. Pul qoʻlning kiri ekan. Doʻkonining ham ishi yurishmay qoldi. Natijada daromadi kamayib ketdi. Albatta, tijorat qilish uchun ham bilim kerakda! Qoʻni-qoʻshni, mahalla- koʻy doim mast-alast boʻlib yuradigan Sadirning xurmacha qiliqlaridan bezor boʻldi. Oxiri onasi «Uning boshini ikkita qilsam quyilib qolar», deb uylantirib qoʻydi. Oradan yillar oʻtib, ketma-ket ikki farzandli boʻldi. Savdosi kasodga uchradi. Ammo tayinli ishning boshini tutmadi. Avvaliga mayda bezorilik, keyin esa ogʻir jinoyatlar sodir etib qamalib ketdi. Oilaviy sharoiti hisobga olinib, 4 yildan soʻng afv etilib, ozodlikka chiqdi.

Ammo oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas ekan. Boʻyni mehnatga yor bermadi.

Endi oʻzini koʻp maosh toʻlanadigan ishga kirganday koʻrsatib, odamlarning havasini keltirdi. Ishga kirmoqchi boʻlganlar undan yoʻl-yoʻriq soʻraganida, yordam berishini, faqat 2 million soʻm “xarajati” borligini aytdi.

Bir oy ichida 4 kishidan 2 million soʻmdan olib, pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi. Ularni naq 6 oy “Ishingiz hujjatlashtirish jarayonida, yaqin kunlarda yaxshi yangilik boʻladi”, deya umidvor qilib keldi. Kutaverib toqati toq boʻlgan jabrlanuvchilar oxiri aldanganini bilib, ichki ishlar organiga murojaat qildilar.

Dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ishi sudga oshirildi. U Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi bilan ayblanayotgan  edi. Sud jarayonida Sadir oʻziga qoʻyilgan ayblarga iqror boʻlmadi. Guvohlarning hamda jabrlanuvchilarning soʻzlaridan keyin “Ulardan qarzga pul olganman, ishga kiritaman deb vaʼda bermaganman”, deya oʻzini oqlashga urindi. 

Ammo barcha dalillar unga qarshi edi. Sadirga yakuniy sud hukmiga koʻra, uzil-kesil 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bejiz buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” demagan.

Sadirning shoʻrlik onasi farzandiga tarbiya berishda xato qilganini tushunib, ikki  nabirasi otasi tirik boʻla turib yetimlardek ulgʻayishidan qaygʻuga botib, sud zalini tark etgan boʻlsa ajabmas...

Alisher Saydullayev, jinoyat ishlari boʻyicha Karmana tuman sudi sudyasi.

Mahliyo Xolova, “Postda” muxbiri. Navoiy viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага