Tarbiyalanuvchilar xavfsizligi uchun
Yoʻllarda toʻgʻri harakatlanish inson hayoti uchun muhim sanaladi.
Ayniqsa, bu jarayonda bolajonlarning bilimini oshirish, ularni yoʻl qoidalari bilan yaqindan tanishtirib borish yanada ahamiyatli.
Bu esa oʻz-oʻzidan bolalar bilan bogʻliq yoʻl harakati hodisalarining oldini olishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Joriy yilning 4-may kuni Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi 4-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida ham “Hayoting xavfsizligi – oʻz qoʻlingda” mavzusida yoʻl harakati qoidalari boʻyicha tarbiyalanuvchilar oʻrtasida qiziqarli mashgʻulot tadbiri oʻtkazildi.
Toshkent shahar IIBB YHXB 3-batalyon safarbarlik guruhi inspektori, safdor D.Ubaydullayev tarbiyalanuvchilarga avtomobil yoʻllari va ulardagi yotiq chiziqlar, yoʻllarda harakatlanish qoidalariga rioya etish, yoʻl belgilarini ajratish boʻyicha barcha uchun zarur birlamchi maʼlumotlarni aytib oʻtdi.
Savol-javob tarzida oʻtgan ushbu tadbirda barcha tarbiyalanuvchilar faol qatnashdi, chorrahalardan oʻtishda yoʻl harakati qatnashchilarining xatti-harakatlari teatrlashtirilgan tarzda koʻrsatildi.
“Postda” gazetasi