25 Aprel 2021 1283

Telegramda "ov"ga chiqqan tovlamachi

Odamzot halol mehnat qilishi uchun izlanishi, fidoyi bo'lishi kerak. Fidoyilik bor joyda fayz-baraka, xotirjamlik bo'ladi. Buning uchun dangasalik odatidan yiroq bo'lish talab etiladi. Aytmoqchimizki, dangasalik bilan bekorchilik yonma-yon yuradi. Bunday illatlar kishini har kuyga solishi hech gap emas... 

Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida ko'rilgan tovlamachilik jinoyatining “qahramoni” ancha surbet, tekin bo'lsa mix yutaman, qabilida ish ko'radiganlar xilidan ekan. Jalil (ismlar o'zgartirilgan) sodir etgan jinoyatini tilga olishga insonning yuzi chidamaydi. Biroq, boshqalarga ibrat uchun uning qilmishlarini ancha sodda qilib, qog'ozga o'rab aytishni joiz, deb bildik.

Tekinxo'r tovlamachi mo'may daromad orttirish ilinjida telegramm orqali “ov”ga chiqishni ma'qul ko'radi. Shunday qabih niyatda telegramda ochilgan bir guruhga a'zo bo'lib, voyaga etmagan Nigina ismli qiz bilan tanishadi. Qizni avrab, uni kiyimsiz holatdagi foto va video tasvirlarini olishga erishadi. Keyin qo'lga kiritgan “qurolini” ishga solib, tasvirlarni internet ijtimoiy tarmog'iga chiqarmaslik va diskka ko'chirib uning yaqin qarindoshlariga oshkor qilmaslik evaziga 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishni talab qiladi. Jalilning bunday ish qilishini kutmagan Nigina esankirab qoladi. Badnom bo'lishdan qo'rqib unga ming bir azob bilan umumiy narxi 4 million so'mlik ayollar uzugini tutqazadi.

“Ovi” baroridan kelgani uchun o'zida yo'q quvongan tekinxo'r yana “hunar”ini ishga soladi. Navbatdagi qurbonlarni izlaydi. Shu tariqa yana 4 nafar qizga tovlamachilik qiladi. Ulardan ham yaxshigina pul ishlab oladi. Nafsiga qul kimsa keyingi qurbonini qidirishga ancha qiynaladi. Ishi yurishmay qolganidan siqilib, eski tanishi Niginani yana bezovta qiladi. Bu safar undan 450 AQSh dollari berishini qat'iy talab qilib, qo'rqitishga o'tadi. Ilojsiz qolgan Nigina huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilishga majbur bo'ladi.

Mazkur jinoyat ishini muhokama qilish vaqtida bir muhim jihat yuzaga chiqdi. Gap shundaki, jinoyatni sodir etilishida ma'lum ma'noda qizlarning ham aybi bor. Hali turmushga chiqmagan bu qizlar bir olifta yigitning “sevdim-kuydim”, degan puch gaplariga uchib, o'z ixtiyorlari bilan kiyimsiz rasmlari va videolarini jo'natishga uyalmaganidan tashvishlanasan kishi. Ularning kaltabinligi esa bizga ta'lim-tarbiya masalalariga yanada jiddiy e'tibor qaratishimiz shartligini ko'rsatadi.    

Bobomurod Karimov, Jinoyat ishlari bo'yicha Uchtepa tuman sudi sud`yasi

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага