Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R. Bobojonovning bayram tabrigi
Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Avvalo, oʻz hayotini inson salomatligini asrashdek gʻoyat masʼuliyatli va sharafli ishga bagʻishlagan Siz azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan
ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodim va harbiy xizmatchilar nomidan samimiy tabriklayman.
Soʻnggi yillarda yurtimizda “Barcha islohotlar inson qadri uchun!” degan ezgu tamoyil asosida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi davrda sohaga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari, farmon va qarorlar hamda 2019-2025-yillarda Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganligi, islohotlar jarayonida aynan tibbiyot sohasiga chuqur eʼtibor qaratilayotganligidan dalolatdir.
Joriy yilning mart oyida mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Davlatimiz rahbarining oʻn ming nafardan ziyod sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazgani, unda erishilgan yutuqlar bilan birga muammo va kamchiliklar tahlil qilinib, aniq vazifalar belgilab berilgani ham tibbiyot sohasiga boʻlgan eʼtibor namunasidir.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmogʻi yaratildi.
Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yoʻnalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev soha vakillariga qarata: «Biz oʻz oldimizga qoʻygan buyuk maqsad – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga faqat sogʻlom xalq, sogʻlom millatgina qodir boʻlishini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz. Ana shunday baland marralarga erishishda el-yurtimiz dardiga hamisha darmon boʻlib kelayotgan siz, azizlar, bor kuch-gʻayratingiz, bilim va malakangizni ayamasdan mehnat qilasiz, deb ishonaman», deya taʼkidlaganlar.
Darhaqiqat, bu soʻzlar har bir tibbiyot sohasi xodimiga cheksiz faxr-iftixor baxsh etish bilan birga, zimmasiga yanada ulkan masʼuliyat ham yuklaydi.
Xalqimiz tibbiyot sohasi xodimlarini dunyodagi eng oliyjanob kasb egalari, fidoyi insonlar sifatida biladi va mashaqqatli mehnatingizni doimo yuksak qadrlaydi.
Hozirgi kunda Ichki ishlar vazirligi Tibbiyot boshqarmasi tizimida respublika darajasidagi Markaziy hamda har bir viloyat hududida alohida Tibbiyot boʻlimlari va poliklinikalari, shuningdek, 9 ta gospital va 1 ta sanatoriy faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari Ichki ishlar boshqarmalarining Tibbiyot boʻlimlari tarkibida ham alohida gospitallar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda vazirlik tibbiy muassasalarida ichki ishlar organlari xodimlari bilan bir qatorda, ishchi va xizmatchilar, faxriylar va xodimlarning oila aʼzolariga ham sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilayotgani sizlarning mashaqqatli mehnatlaringiz koʻlamini anglatadi, albatta.
Sizlarning tinimsiz saʼy-harakatlaringiz, olib borilgan tibbiy profilaktik tadbirlar natijasida ichki ishlar organlari xodimlarining turli kasalliklarga chalinishi oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan koʻp sonli xodimlarimizning Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek sharafli vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirishlarida Sizdek jonkuyar va fidoyi shifokorlarimizning oʻrni beqiyosdir.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni ushbu qutlugʻ ayyom bilan yana bir bor tabriklab, masʼuliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.
Vazir general-leytenant P.R. Bobojonov