Tojikiston Respublikasi IIV delegatsiyasi Vazirlik Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentiga tashrif buyurishdi
Joriy yilning 19 iyul kuni Tojikiston Respublikasi IIV Militsiya faoliyatini isloh qilish bo‘yicha milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Valixon Xamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Situatsion-tahliliy markazi hamda Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentiga tashrif buyurib, departament faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida, delegatsiya aʼzolariga Situatsion-tahliliy markaz faoliyati yaʼni hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalardan va innovatsion dasturlardan unumli foydalangan holda huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash, yurtimizga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy fuqarolardan iborat mehmonlarning xavfsizligini to‘liq taʼminlash va boshqa amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi va ushbu texnologiyalarning ish faoliyati amalda ko‘rsatildi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti faoliyati va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, xizmat xonalari, maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari, elektron o‘q otish, ruhiy yengillashtirish, zamonaviy o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar va konferensiya xonalari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif so‘ngida V.Xamdamzoda ushbu tashrifdan mamnunligi, o‘zi va delegatsiya aʼzolari ko‘plab ijobiy taassurotlar olganliklarini izhor etdi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti