22 Oktabr 2021 3982

Toki xotira bor ekan - biz tirikmiz

Joriy yilning 28-yanvar kuni Andijon viloyati IIB YHXB 1 -safarbarlik guruhi YPX inspektori, safdor Elyorbek Sobirov soat chamasi 16:00 atrofida Andijon shahridagi Amir Temur shoh koʻchasida xizmat oʻtardi. Toʻsatdan Baliqchi tumani Xoʻjaobod mahallasida istiqomat qiluvchi, 26 yoshli E. Abdumannopov boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomobil qatnov qismining oʻrtasidan harakatlanayotgan avtomashinani quvib oʻtish niyatida katta tezlikda oʻng qismga “uchib chiqdi” va YPX inspektorini urib yuborib, bir necha metr masofaga sudrab ketdi.

Ushbu mudhish hodisa oqibatida ogʻir jarohat olgan safdor E.Sobirov zudlik bilan shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar eng soʻnggi daqiqagacha uning jonini saqlab qolishga urinishdi, ammo yoshgina yigit jonlantirish boʻlimida vafot etdi. Uning oilasi, rafiqasi va 9 yoshli oʻgʻli bor edi.

Vatanparvarlik, insoniylik va qonuniylik - oddiygina soʻzlar emas, balki har birimizning ongu shuurimizga singgan qadriyatlar hisoblanadi. Halok boʻlgan YPX inspektori E.Sobirov ushbu xislatlarga ega mard oʻgʻlon edi.

Elyorbek Sobirov 1988-yilda Jalaquduq tumanidagi Beshtol mahallasida tugʻilgan. Uning otasi Jakbarali aka va onasi Saxadatxan opa butun umr dalada mehnat qilishgan. Andijon industrial-pedagogika kollejini tamomlagan Elyorbek bir muddat qishloq maktabida YHQ boʻyicha oʻquvchilarga saboq berdi.

Biroq bu ish unga begonadek edi. Nihoyat, ota-onasi bilan maslahatlashgan yigit ichki ishlar organlari safida xizmat qilishga qaror qildi. Xizmatni Xonobod tumani IIB qoshidagi qoʻriqlash boʻlinmasida boshlagan. Elyorbek keyinchalik Jalaquduq tumani IIB texnik qoʻriqlash punkti xodimi sifatida faoliyat yuritdi.

Xizmat yillari davomida E.Sobirov bilimlarini amaliy faoliyatda boyitdi va tajriba orttirdi. Shuning uchun 2019-yilda uni Andijon viloyati IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga oʻtkazib, yoʻl-patrul xizmati inspektori etib tayinlashdi.

Safdor E.Sobirov ofitser boʻlishni orzu qilgani uchun IIV Akademiyasining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirishga tayyorgarlik koʻrayotgandi, - deydi Andijon viloyati IIB YHXB 1-safarbarlik otryadi komandiri, kapitan A.Yuldashev. - U xizmatni koʻngildagidek oʻtar, yuklangan vazifalarni aniq va puxta bajarib, xizmat intizomiga rioya qilar, shaxsiy tarkib oʻrtasida hurmat va eʼtiborga sazovor boʻlgandi.

Andijon viloyati IIB YHXB 1-safarbarlik otryadi YPX inspektori, safdor Elyorbek Sobirov koʻrsatgan mardlik va jasorat namunasi, xizmat burchiga sadoqati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan, vafotidan keyin “Jasorat” medali bilan mukofotlandi.

Boris Kleyman, “Na postu” muxbiri. Andijon viloyati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага