19 Noyabr 2023 479

Davlat rahbarining topshiriqlarini ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov va Bosh prokuror 3-darajali adliya maslahatchisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev Surxondaryo viloyatida huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish choralarini koʻrmoqdalar

Xabar berganimizdek, joriy yilning 16-17-noyabr kunlari davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi jarayonida viloyatdagi barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatga taʼsir etuvchi omillarni aniqlagan holda ilmiy jihatdan tahlil qilib, 2024-yilning birinchi choragi yakuniga qadar jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha aniq takliflar kiritish va yoʻl xaritasi ishlab chiqish vazifasi soha masʼullariga belgilab berildi.

Tashrif doirasida berilgan ustuvor vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori boshchiligida viloyat huquqni muhofaza qilish organlari masʼullari, sektor rahbarlari, tuman (shahar) Ichki ishlar boʻlinmalari boshliqlari, sohaviy xizmat rahbarlari hamda barcha profilaktika inspektorlari ishtirokida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mutasaddilar tomonidan mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, sodir etilgan jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish, ularga olib kelgan sabab va sharoitlarni jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish orqali kelgusida sodir etilishini oldini olish sektor rahbarlari va tegishli masʼullarning oldida turgan muhim masala ekanligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, mahallalarda tashkil etilgan yettilik faoliyatiga toʻxtalib, har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyatlarni oldini olishda oʻzaro hamkorlik muhimligi, bu borada profilaktika inspektorlari faol boʻlishi kerakligi uqtirildi.

Shuningdek, joriy yilning 9 oyi yakuni boʻyicha Denov tumani hamda Termiz shaharlarida firibgarlik, oʻgʻrilik bilan bogʻliq jinoyatlar salmogʻi nisbatan oshganligi keskin tanqid qilinib, barcha shahar-tuman mutasaddilariga jinoyatchilikka qarshi kurashish choralarini yanada kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarning natijadorligi yil yakuniga qadar tanqidiy tahlil qilinib, masʼullarning faoliyatiga baho berilishi belgilab qoʻyildi.

Bundan tashqari kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish, aholi yashash punktlari hamda ijtimoiy obyektlarni energiya resurslari bilan muntazam taʼminlash, noqonuniy foydalanish holatlariga nisbatan keskin choralar koʻrish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага