23 Oktabr 2022 778

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan “Siz himoyadasiz” shiori ostida madaniy tadbir o‘tkazildi

Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir "Xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlarining masʼuliyatini oshirish va  jamoatchilik nazoratini o‘rnatish" mavzusida olib borildi.  Tantanali tadbirni  Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nodira Umarova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng, so‘z Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatovga berildi va u o‘z nutqida, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganligini alohida taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, Bosh boshqarma Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan poytaxtimiz mahallalarida olib borilgan o‘rganishlar bo‘yicha hisobot berildi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar, oilada tazyiq va zo‘ravonlikka uchrayotgan xotin-qizlar, hayotda adashib jinoyat yo‘liga kirib qolgan hamda probatsiya ro‘yxatida turuvchi ayollar bilan olib borilgan ishlarning 9 oylik hisoboti berildi. Yordamga muhtoj ayollar “Temir daftar”, “Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari”ga kiritilib, moddiy, maʼnaviy va psixologik yordamlar berilayotganligi, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar hamkor tashkilotlar bilan o‘rganilib, muammolarini bartaraf etish yo‘li bilan yarashtirish yarashtirish choralari ko‘rilayotganligi taʼkidlandi.

Olingan statistik maʼlumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri miqyosida turli xil tazyiq va zo‘ravonliklardan jabr ko‘rgan xotin–qizlarga 2966 ta himoya orderlari berildi. Shu bilan birga ajrim yoqasiga kelib qolgan 1308 ta oilalar yarashtirildi.

Tadbir davomi so‘z falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuxamedovaga berildi va u ishtirokchilarni 21 oktyabr - O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi hamda yig‘ilish qatnashchilarini iliq so‘zlar bilan qo‘llab-quvvatladi.

Tadbir yakunida, faol Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari va mahalla faollari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga maishiy texnika olish uchun sertifikatlar topshirildi. So‘ngra Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага