24 Sentabr 2022 474

Toshkent shahar IIBB boshligʻi Olmazor tumani yoshlari bilan uchrashdi

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha Toshkent shahar 3-sektor rahbari, poytaxt IIBB boshligʻi general-mayor Aziz Tashpulatov Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

“Innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparki” binosida oʻzaro ishonch va samimiylik ruhida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Olmazor tumani hokimi Azizxon Umarxanov, sektor rahbarlari va 150 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Olmazor tumani yoshlari bilan oʻtgan uchrashuvda Toshkent shahar IIBB boshligʻi bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash va ularni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

Yigʻilish davomida “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlarga oʻz-oʻzini band qilishi uchun asbob-uskunalar topshirildi, talabalarga esa kontrakt pulini toʻlash uchun sertifikatlar topshirildi.

Uchrashuv davomida sayyor sud ham boʻlib oʻtdi. Unda tumandagi probatsiya hisobida turuvchi yoshlar masalasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan koʻrib chiqildi. 4 nafar mahkum sud tomonidan berilgan cheklovlarga amal qilgani, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlganligi va tuzalish yoʻliga oʻtganligi sababli, sud hukmiga koʻra muddatidan avval jazodan ozod qilindi.

Shundan soʻng, A.Tashpulatov va A.Umarxanovlar yoshlarning bevosita murojaatlari tingladi. Kelib tushgan murojaatlarning aksariyati ish topish, oʻz-oʻzini band qilish, xususiy tadbirkorlik bilan shugʻullanish kabi yoʻnalishlardan iborat boʻldi. Barcha murojaatlar va ularning ijrosi Toshkent shahar IIBB boshligʻi va tuman hokimi tomonidan nazoratga olindi, ayrim murojaatlarni hal etish uchun mutasaddi rahbarlarga muddat belgilandi.

Bu kabi uchrashuvlar shaharning barcha tumanlarida oʻtkazilmoqda.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага