28 Sentabr 2022 919

Toshkent shahar IIBB boshligʻining sayyor uchrashuvlari: Chilonzor tumani yoshlari bilan muloqot

Kuni kecha Toshkent shahar IIBB boshligʻi Aziz Tashpulatov boshchiligida Chilonzor tumani yoshlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv “Gagarin” sayilgohida tashkillashtirildi. Tadbirda Chilonzor tumani hokimi Saidqaxxor Xolxoʻjayev, Chilonzor tumani sektor rahbarlari, tuman Mudofaa ishlari boʻlimi vakillari, sohaviy xizmat rahbarlari ishtirok etdilar.
Shuningdek, uchrashuvda tumanning barcha mahallalarida istiqomat qiluvchi probatsiya roʻyxatida turuvchi, ishsiz va uyushmagan yoshlar ishtirok etdilar va oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Toshkent shahar IIBB boshligʻi oʻz soʻzida, Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning kelib chiqish sabablari hamda ushbu turdagi jinoyatlarni oldini olish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.

Yoshlar bilan ochiq muloqotdan soʻng sayyor qabul ham oʻtkazildi. Qabul davomida yoshlar 40 dan ortiq masalalar bilan murojaat etishdi. Murojaatlarning aksariyatiga joyida huquqiy tushuntirish berilib, qolgan masalalarni hal etish boʻyicha topshiriqlar berilib, nazoratga olindi. Jumladan, 27 yoshli Sobirjon va 23 yoshli Gʻiyosiddinning ishga kirish bilan bogʻliq murojaati ijobiy hal qilinib, ular profilaktika inspektorining yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilindi. IIBB boshligʻi tomonidan, oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan ado etib, hamkasblari orasida faol boʻlgan 15 nafar profilaktika inspektori yordamchilariga “Faxriy yorliq” va sovgʻalari topshirildi.

Shuningdek, tadbir davomida, voleybol boʻyicha Ichki ishlar vaziri kubogi musobaqasida faxrli birinchi oʻrinni egallagan Chilonzor tumani yoshlar jamoasiga pul mukofoti va kitoblar toʻplami topshirildi. “Besh tashabbus olimpiadasi”da faol ishtirok etgan 15 nafar yoshlarga kitoblar jamlanmasi va sport anjomlari sovgʻa qilindi.

Chilonzor tumani IIO FMB probatsiya hisobida turuvchi 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan mahkumlarni jazo turlarini almashtirish boʻyicha sayyor sud oʻtkazildi. Oʻtkazilgan sayyor sud jarayonida tuzalish yoʻliga oʻtgan 6 nafar mahkum muddatidan avval shartli ravishda ozod etildi.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага